Jahon | 09:03 / 27.11.2017
10677
2 daqiqa o‘qiladi

Havayi orollarida yadro zarbasiga doir ovozli ishora beriladi

Foto: Wikipedia

Amerikaning Havayi orollarida yadro zarbasidan ogohlantiruvchi ovozli halokat ishorasi chalinadi. Sovuq urush davri tugaganidan keyingi ilk marotaba o‘tkazilayotgan o‘quv mashg‘uloti dekabr oyi boshida bo‘lib o‘tadi. NBC telekanali xabariga ko‘ra, ushbu chora AQSh va KXDR o‘rtasidagi munosabatlar o‘ta keskinlashgan bir vaqtda tashkillashtirilmoqda. 

OAVning qayd etishicha, 1 dekabrdan boshlab, Havayi orollarida har oy sirena chalinadi. U aholini arxipelagga yadro zarbasi berilishi ehtimolidan ogohlantiradi. Ovozli ishora sunami yoki dovullar tahdidiga doir e'londan so‘ng chalinadi. U ko‘nikma va malaka hosil qilish uchun har oy chalinadi. 

Telekanal Havayi shtatining favqulodda holatlar agentligi rahbari Verna Miyagining so‘zlarini keltiradi. Uning aytishicha, bu choralar raketa va yadro dasturlarini faol ravishda rivojlantirayotgan KXDR tomonidan tahdid borligi sababli o‘tkazilmoqda. Pxenyanning Havayiga zarba berish ehtimoli juda kam, ammo u mavjud. 

NBC telekanaliga ko‘ra, 1,4 mln aholi istiqomat qiladigan arxipelagda odamlarni ehtimoliy yadro zarbasiga tayyorlash bo‘yicha treninglar o‘tkazilmoqda. Xususan, aholiga shunday holat uchun reja tuzib qo‘yish tavsiya etilmoqda. Jumladan, kishilarga betonli binoga yashirinish va kamida 48 soatga kifoya qiladigan oziq-ovqat va suvga ega bo‘lish maslahat berilmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, KXDRdan uchirilgan raketa Havayiga 20 daqiqada yetib keladi. AQSh hukumati raketa yo‘nalishini aniqlashiga 5 daqiqa talab etiladigan bo‘lsa, Havayi aholisini ogohlantirish uchun 12-15 daqiqa vaqt qoladi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid