Sport | 11:00 / 28.11.2017
17094
8 daqiqa o‘qiladi

Valensiyadagi mojaro, «Real»ning qiyin g‘alabasi. La Ligada tur voqealari

«Tribuna» Ispaniya chempionatining 13-turi yakunlarini hisob qiladi.

Hakamdan boshqa hamma ko‘rgan gol

«Valensiya» va «Barselona» uchrashuvi Ispaniya chempionati 13-turining tashrif qog‘oziga aylanishi kutilgandi. Ammo bu o‘yin hakamlik mojarolari bilan ko‘proq yodda qoladigan bo‘ldi. O‘yinning birinchi bo‘limida Messi bergan zarbani mezbonlar jamoasi darvozaboni Netu to‘pni qo‘lidan chiqarib yubordi va to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tdi. Buni hamma, ikki jamoa futbolchilari, tribunalardagi muxlislar va teletomoshabinlar ko‘rishdi, ammo o‘yin hakami Vilyanueva va uning yordamchisidan boshqa. Bu epizod o‘yin natijasiga ta'sir ko‘rsatgani boshqa masala, endi hamma Ispaniya chempionati videotakrorlarni qo‘llashi kerakligi haqida gapirmoqda. 

Valverdening munosib javobi

«Barselona» bosh murabbiyi Ernesto Valverde ushbu o‘yindan keyin bergan intervyusi orqali ko‘pchilikning olqishlariga sazovor bo‘ldi (faqat kataloniyaliklar jamoasi muxlislaridan boshqa). Undan jurnalistlar Messining goli hisobga olinmaganiga munosabatini so‘rashganida, u shunday dedi: «Biz «Malaga»ga qarshi o‘ynaganimizda, bizning birinchi golimiz maydon tashqarisiga chiqib ketgan to‘p o‘yinga qaytishi ortidan ro‘y bergandi. O‘shanda hakam nohaq golni hisobga olgan. Shunday ekan, barcha ham hakamlar xatolaridan jabr ko‘radi».

Rodrigo jazolanmasdan qoldi

Ushbu markaziy bahs hakami Vilyanuevaning yana bir harakati muhokama qilindi. O‘yinning 60-daqiqasida maydonga chiqqan Gayya shu zahoti qanot bo‘ylab yugurdi va to‘pni jarima maydoniga uzatdi. Ter Shtegen to‘pga yeta olmadi va uning ortida turgan Rodrigo osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi. Ispaniyalik futbolchi golni nishonlash uchun maydon chetiga yugurdi va boshiga apelsinrang parik taqdi. Bunday harakat uchun hakam albatta sariq kartochka ko‘rsatishi kerak edi, Vilyanueva voqea joyiga kartochkasini qo‘lida ko‘tarib keldi, lekin uni baland ko‘tarmadi hamda Rodrigo jazolanmasdan qoldi. Rodrigo baribir o‘yinda sariq kartochka oldi, 74-daqiqada u Busketsga qarshi qo‘pollik uchun ogohlantirildi. Agar u golni nishonlash vaqtidagi harakatlari uchun ham ogohlantirilganida, foldan keyin qizil olishi mumkin bo‘lardi.

Keyin ma'lum bo‘lishicha, hakam futbolchining bunday harakati sababini to‘g‘ri tushungani uchun qaroridan qaytgandi. Rodrigo bu orqali urgan golini bir necha kun oldin vafot etgan «Valensiya»ning sobiq prezidenti Jayme Ortiga bag‘ishlagan.

Orti boshqaruvi davrida jamoa bir qancha yutuqlarga erishgandi. Uning boshqaruvidagi 3 yil ichida «Valensiya» ikki marta Ispaniya chempioni (2002, 2004), bir marta UYeFA Kubogi sohibi (2004) va bir marta UYeFA Superkubogi sohibi (2004) bo‘lgandi. U har safar muhim g‘alabalarni apelsinrang parikda nishonlashni odat qilgandi.

«Sevilya» yana qahramonlik ko‘rsatdi

O‘tgan haftada «Sevilya» YeChLda «Liverpul»ga qarshi o‘yinda 0:3 hisobidan chiqib keta olgan va durangga erishgandi. Keyingi kuni ma'lum bo‘ldiki, jamoa bosh murabbiyi Eduardo Berisso rak xastaligiga chalingan. Murabbiy «Liverpul»ga qarshi o‘yin tanaffusida futbolchilarga bu haqda ma'lum qilgan, tanaffusdan boshqacha hissiyotlar bilan qaytgan futbolchilar esa «Liverpul»ni shunchaki «toptab tashlagandi». Yakshanba kuni esa ichki chempionatda yana bir iroda ko‘rsatildi.

«Vilyarreal»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida 0:2 hisobida ortda borgan jamoa o‘yinni 3:2 hisobidagi g‘alaba bilan yakunladi. Jamoasini ruhlantirib yuborgan, ularga oxirigacha kurashishni o‘rgatgan Berisso yaqin kunlarda operatsiya qilinadi.

Xalq ovozi

«Real» va «Malaga» bahsi maydon egalari jamoasi muxlislarining hakamlarning adolatsizliklariga qarshi aksiyasi bilan boshlandi. Ular shunday bannerlar ko‘tarishdi va hayqiriqlar qilishdi: «Bunday hakamlik bizga kerak emas», «Futbol federatsiyasini poraxo‘rlardan tozalang» kabi. «Qirollik klubi» va klub muxlislari keyingi vaqtlarda hakamlarga ko‘p e'tibor qaratishmoqda. Klub hakamlarning xatolaridan jabr ko‘rayotgani iddao etilmoqda. Bu aksiya o‘z samarasini berdi deyish mumkin: O‘yin oxirida «Real» «Malaga» darvozasiga penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi (haqli), bu chempionatda ilk marta «Real» foydasiga penalti belgilanishi bo‘ldi. Ronaldu avvaliga to‘pni darvozaga kirita olmadi, ammo qaytgan to‘pga yana zarba berib, jamoasi g‘alabasini ta'minladi - 3:2. O‘yin davomida maydon egalari ikki marta oldinda borgan, ammo «Malaga» ikki marta hisobni tenglashtira olgandi.

Bu o‘yinda hakamlikdan norozi bo‘lishi mumkin bo‘lgan taraf - mehmonlar jamoasi edi. O‘yinning birinchi bo‘limi oxirida, hisob 2:1 bo‘lib turganida malagaliklarning goli inobatga olinmadi. Hakam «Real» jarima maydonida gol urish vaqtida qo‘pollik ishlatildi deb topdi va toza gol hisobga olinmadi.

«Atletiko» rekordlarni yangilamoqda

Diyego Simeone shogirdlari klub tarixiga kirishdi. Grizman va Gemeyroning gollari safarda «Levante» ustidan 5:0 hisobidagi g‘alabani ta'minladi. Endi «matraschilar» jamoasi Ispaniya chempionatida safar o‘yinlaridagi g‘alabali seriyani 18 o‘yinga yetkazishdi (10 g‘alaba va 8 durang). Klub hali safarda buncha vaqt davomida bunchalik ko‘p ochko jamg‘armagandi. Bundan tashqari, madridliklar jamoasi shanba kungi g‘alaba orqali La Ligadagi eng yaxshi startini amalga oshirdi, 13 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya (7 g‘alaba va 6 durang). Bundan avvalgi eng yaxshi natija (12 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya) 1995-96 yilgi mavsumda qayd etilgandi. O‘sha mavsumda «Atletiko» oltin dubl qayd etgan - ham Ispaniya chempionatida, ham Ispaniya Kubogida zafar quchilgandi.

Ispaniya chempionati 13-tur o‘yinlari
Selta – Leganes – 1:0 (1:0)
Gol: Aspas, 27 – penaltidan.
Alaves – Eybar – 1:2 (0:1)
Gollar: Xoan Xordan, 33 (0:1). Sharles, 69 (0:2). Burgi, 90+1 (1:2)
Chetlatish: Santos (A), 45. Sharles (E), 83.
Real – Malaga – 3:2 (2:1)
Gollar: Benzema, 9 (1:0). Rolan, 18 (1:1). Kazemiru, 21 (2:1). Chori Kastro, 58 (2:2). Krishtianu Ronaldu, 76 (3:2). 
Betis – Jirona – 2:2 (0:1)
Gollar: Portu, 45+1 (0:1). Guardado, 85 (1:1). Portu, 90+4 (1:2). Telo, 90+5 (2:2).
Levante – Atletiko – 0:5 (0:2)
Gollar: Rober, 5 – avtogol (0:1). Gameyro, 29 (0:2). Gameyro, 59 (0:3). Grizmann, 65 (0:4). Grizmann, 68 (0:5).
Deportivo – Atletik – 2:2 (1:1).
Gollar: Susaeta, 16 (0:1). Adrian, 35 (1:1). Inyaki Uilyams, 60 (1:2). Sher, 76 (2:2).
Real Sosedad – Las-Palmas – 2:2 (1:1)
Gollar: Tana, 21 (0:1). Villian Joze, 31 (1:1). Yanuzay, 62 (2:1). Vera, 67 (2:2)
Chetlatish: Odriosola (Real Sosedad), 90+4.
Vilyarreal – Sevilya – 2:3 (1:0)
Gollar: Bakambu, 19 (1:0). Bakka, 53 (2:0). Langle, 56 (2:1). Vaskes, 57 (2:2). Banega, 78 – penalti (2:3).
Chetlatish: Viktor Ruis (V), 77.
Valensiya – Barselona – 1:1 (0:0)
Gollar: Rodrigo, 60 (1:0). Jordi Alba, 82 (1:1).
Espanol – Xetafe 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: 1:0 – 55 Moreno.

Turnir jadvali

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid