O‘zbekiston | 09:20 / 29.11.2017
43940
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident hukumatdagi o‘zgarishlarni izohladi

 

27 noyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilingan. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, departamentlar mudirlari, vazirlar, qo‘mita va kompaniyalar raislarining shaxsiy mas'uliyatini kuchaytirish bilan bog‘liq masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma'lum qildi.

Ushbu qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlari, hukumat apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining samarali va natijali ishini ta'minlash, ularning shaxsiy mas'uliyatini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasi qayta shakllantirilib, yangi komplekslar va vazirlik tashkil etildi.

Qarorga binoan Vazirlar Mahkamasi tuzilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Ta'lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbarlari lavozimlari kiritildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlantirish vazirligi tashkil etildi.

Ushbu muhim o‘zgarishlarning sabablari haqida so‘z yuritar ekan, prezident quyidagi fikrlarga alohida urg‘u berdi. 

Birinchidan, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, mamlakat hududlarini rivojlantirishning eng muhim va dolzarb masalalarini hal etishning shakllari va usullarini tubdan o‘zgartirish zarur. 

Ikkinchidan, joriy yil mobaynida viloyatlar, shahar va qishloqlardagi aholining turli qatlamlari bilan o‘tkazilgan muloqotlar natijalari bo‘yicha har bir hudud, har bir oila, har bir fuqaroning hayotiy muammolarini hal qilishga yanada keng e'tibor qaratish kerak. 

Uchinchidan, o‘z zimmasidagi vazifalarni bajarish, zarur natijaga erishishni ta'minlamagani uchun turli bo‘g‘indagi rahbarlarni almashtirish, zamonaviy bilim va malakaga ega bo‘lgan, vatanga sadoqatli, fidoyi yoshlarga mas'uliyatli lavozimlarni ishonib topshirishni bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda. 

Davlat rahbari O‘zbekistonni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish masalasi birinchi navbatda ilm-fan, yuksak texnologiyalar, zamonaviy innovatsion ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish bilan uzviy bog‘liq ekanini ta'kidladi. Va ayni shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlantirish vazirligi tashkil etilganiga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

«Bizning saxovatli zaminimiz yer osti va yer usti boyliklariga, inson resurslariga, bilimli va yuqori malakali kadrlarga boy. Lekin, afsuski, biz mana shunday ulkan salohiyatimizdan unumli va samarali foydalana olmayapmiz», dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Yig‘ilishda iqtisodiyot soha va tarmoqlarining barqaror rivojlanishini ta'minlash, jumladan, qat'iy pul-valyuta siyosatini yuritish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini kuchaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, zamonaviy sanoat korxonalari barpo etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy byudjyetlarning daromad bazasini kengaytirish, samarali soliq siyosatini shakllantirish, byudjyet mablag‘laridan maqsadli foydalanish, davlat statistikasi tizimini takomillashtirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi. 

Shuningdek, davlat rahbari ta'lim, sog‘liqni saqlash, turizm, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniyat va san'at, jismoniy tarbiya va sport, yoshlar va xotin-qizlar masalalari bilan bog‘liq vazifalarga e'tibor qaratdi. 

Yig‘ilishda Prezident joriy yilda amalga oshirilgan ishlarni chuqur tahlil qilish asosida erishilgan yutuqlarni yanada mustahkamlash, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning takrorlanmasligi uchun barcha zarur choralarni ko‘rish, ayni paytda 2018 yilning birinchi choragida bajariladigan aniq vazifalar bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid