O‘zbekiston | 10:22 / 30.11.2017
19594
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyodagi suv muammolarini qanday hal etish mumkin?

Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo davlatlarining suv bo‘yicha hamkorligiga 25 yil: erishilgan tajriba, istiqboldagi vazifalar” ilmiy-amaliy konferensiyasida Markaziy Osiyoning Mintaqaviy ekologik markazi direktori Iskandar Abdullayev Suv resurslari bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarning yechimi bo‘yicha o‘z tavsiyalarini ma'lum qildi. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, intervyu vaqtida MOMeM ijrochi direktori 2016-2017 yillarda Shveytsariyaning taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) markaz hamda “Adelphi” nemis konsultatsion byurosi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda suv muammosini qayta ko‘rib chiqish: harakatsizlik bahosi va suv xo‘jaligidagi hamkorlikning afzalliklari” tadqiqotini amalga oshirganini aytib o‘tgan.  

“Markaziy Osiyoda suv muammosini qayta ko‘rib chiqish: harakatsizlik bahosi va suv xo‘jaligidagi hamkorlikning afzalliklari” tadqiqoti bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi: birinchisi – texnik hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro axborotlar almashinuvi, suv resurslarining sifati va miqdori bo‘yicha qo‘shma monitoring hamda ta'lim. Ikkinchisi – Amudaryo va Sirdaryo bo‘yicha konvensiya va kelishuvlar masalasida submintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish: ularni ishlab chiqish va tegishli qarorlarni qabul qilish zarur. Uchinchi tavsiya – Suv resurslarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlatlararo komissiya va Orolni qutqarish xalqaro fondi kabi mintaqaviy institutlarni rivojlantirish”, deya qayd etdi Iskandar Abdullayev.

MOMeM direktorining ta'kidlashicha, agarda yuqorida qayd etilgan uch yo‘nalish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirib borilsa, hisobotda mavjud bo‘lgan ko‘plab muammo va murakkab masalalarni hal etish mumkin. 

“Ushbu tavsiyalarni amalda joriy qilish bo‘yicha ilmiy-amaliy anjuman doirasida Qozog‘iston-O‘zbekiston, O‘zbekiston-Turkmaniston va boshqa shu kabi davlatlararo ishchi guruhi tuzildi. Bu shundan dalolat beradiki, doimiy tarzda e'tibor qaratish zarur bo‘lgan tizimli ish olib borilmoqda. 

Muvaffaqiyatli hamkorlik birgina suv sektorini  o‘z ichiga olmaydi. Biz savdo va investitsiya sohalarini ham kuchaytirishimiz kerak. O‘tgan yillar mobaynida Markaziy Osiyo mamlkatlari o‘rtasidagi savdo-sotiq aloqalari sezilarli darajada ortdi. O‘zbekiston iqtisodiy tomonlama integratsiyalashganida, qo‘shni mamlakatlardagi vaziyat biz uchun juda muhim. Shu bois, qarorlarni birgalikda qabul qilib, doimiy siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yish kerak”, deydi MOMeM direktori.

Mavzuga oid