Jamiyat | 22:00 / 30.11.2017
8680
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada 22 mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda

Hozirda Rossiya Federatsiyasi (RF)da 22 mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Bu MDH mamlakatlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. KUN.UZ muxbiri RF Prezidentining xorijiy mamlakatlar bilan mintaqalararo va madaniy aloqalar bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Chernov Vladimir Aleksandrovich bergan ma'lumotga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

"Ikki mamlakat hududlararo munosabatlari yangi bosqichga chiqdi. Bugunga kelib, O‘zbekistondagi viloyatlar bilan Rossiya Federatsiyasining 70dan ziyod sub'yektlari hamkorlik qilmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalar rivoji yo‘lida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek ikki mamlakat o‘rtasidagi yoshlar - talabalar o‘rtasidagi aloqalar alohida diqqatga sazovordir. Hozirda Rossiyada 22 mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Bu MDH mamlakatlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir", - deydi RF Prezident apparati vakili. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yildagi eng diqqatga sazovor tadbirlardan biri Moskva shahrida Nukus javohiri bo‘lgan Savitskiy nomidagi davlat muzeyning avangardchi-rassomlar ekspozitsiyasining ochilishi bo‘lgan. Shuningdek O‘zbekistonda Rossiya kunlari va Rossiyada O‘zbekiston kunlarining o‘tkazilishi ham an'anaga aylanayotgani tahsinga sazovordir. 

"2017 yilning sentabrida Rossiya poytaxtiga O‘zbekistondan eng yangi tarixdagi eng yirik ijodiy delegatsiya tashrif buyurdi. Shunisi quvonchliki, O‘zbekiston fuqarolarining aksariyati uchun rus tili tushunarli va talabgor tilligicha  qolmoqda. 

O‘tgan chorak asr davomida umumiy tarix bog‘lab turuvchi mamlakatlarimiz birgalikda ko‘p yutuqlarga erishishdi, oldinda yana qiladigan ishlarimiz ham talaygina. Bugungi uchrashuvimiz ikki mamlakatning keyingi munosabatlarida muhim rol o‘ynaydi", - deya so‘zlariga yakun yasadi Chernov. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid