Jahon | 08:56 / 01.12.2017
6832
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya imperatorining taxtni tark etish muddati ma'lum bo‘ldi

Foto: Getty Images

Yaponiya imperatori Akixito 2019 yil 30 aprelida vazifasidan iste'fo beradi va taxtni merosxo‘riga topshiradi. Kelasi yil 1 mayidan e'tiboran yangi imperator mamlakatni boshqara boshlaydi. Imperator oilasi ishlari bo‘yicha komissiyaning kengashida shunday qaror qabul qilindi. 

O‘tgan yilning avgust oyida imperator yapon xalqiga telemurojaatida keksayib qolgani sababli zimmasidagi vazifalarni bajarishga qiynalayotgani, shu bois taxtni merosxo‘r shahzodaga berish niyatida ekanini bildirgan edi. Bu kabi jarayon Yaponiya tarixida so‘nggi marotaba 19-asrning oxirlarida ro‘y bergan edi. Biroq yangi qonunchilikka ko‘ra, imperator o‘z hayoti vaqtida taxtni topshirishi nazarda tutilmagan. 

Tarix, madaniyat va huquq ekspertlaridan tashkil etilgan komissiya 10 oy mobaynida taxtni topshirish imkoniyatlari va ushbu jarayonning qaytarzda bo‘lib o‘tkazilishini o‘rgandi. Shu yilning iyunida mamlakat parlamenti amaldagi imperator vazifasini tark etib, taxtni merosxo‘riga berishi yuzasidan qonun qabul qildi. 

Shunday qilib, endilikda, imperatorning taxtdan ketish va yangi imperatorning o‘z vazifasiga rasman kirishishi borasidagi sanalar ham aniqlandi. 

Akixitodan so‘ng, mamlakatni yangi imperator shahzoda Naruxito boshqaradi. Uning yagona qizi malika Aiko taxtga da'vogarlik qila olmaydi. Undan keyin taxtni egallash huquqi Naruxitoning kichik ukasi shahzoda Akisino Fumixitoga tegishli. 

Mavzuga oid