14:03 / 01.12.2017
13454

Argentina g‘oyib bo‘lgan suv osti kemasi bo‘yicha bayonot berdi 

Foto: AP

Argentina harbiy-dengiz kuchlari vakili Enrike Balbining ma'lum qilishicha, qutqaruvchilar izsiz g‘oyib bo‘lgan «San-Xuan» suv osti kemasi ekipajining omon qolgan a'zolarini qidirishdan to‘xtadi. Bu haqda La Nacion xabar bermoqda.

Balbining so‘zlariga ko‘ra, 15 kun davomida o‘tkazilgan qidiruv ishlari mobaynida izsiz g‘oyib bo‘lgan submarina dengizchilarini topishning uddasidan chiqilmadi. Shu bilan birga, zobitning ta'kidlashicha, suv osti kemasining o‘zi qayerda ekanini aniqlash bo‘yicha amaliyot «dengiz tubida» davom ettiriladi.

28 noyabr kuni Argentina matbuot avariya holatidagi kema bortidan kelgan so‘nggi xabar nima haqda bo‘lganini oshkor qildi. «Ventilyatsiya tizimi orqali dengiz suvi oqimining uchinchi raqamli akkumulyator batareyasiga kirishi qisqa tutashuvni yuzaga keltirdi, yong‘in boshlandi. Batareyalar ishdan chiqdi», - deyilgan radiogrammada. Shuningdek unda ko‘rsatilishicha, kema suvga g‘arq bo‘la boshlagan va ekipaj qo‘mondonlikni hodisalar rivojidan xabardor etib borishi kerak bo‘lgan.

Undan besh kun avval esa Argentina HDK «San-Xuan» suv osti kemasi oxirgi marta aloqaga chiqqan joy yaqinida u yo‘qolgan kuni – 15 noyabrda portlash yuz bergani haqida ma'lumot olgandi. 

«San-Xuan» dizel-elektr suv osti kemasi nemis kemalar quriladigan korxonasida 1985 yilda qurilgan bo‘lib, 15 noyabrdan boshlab aloqaga chiqmay qo‘ydi. Uning bortida ekipajning 44 a'zosi bor. Qutqaruv-qidiruv amaliyotida esa 18 davlat vakillari ishtirok etdi.

Mavzuga oid
Top