O‘zbekiston | 19:45 / 01.12.2017
11965
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Rossiya ishtirokidagi mingga yaqin korxona faoliyat yuritadi

Foto: Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasida Rossiya tomoni ishtirokida 950dan ortiq korxona faoliyat yuritadi, jumladan qariyb 810tasi qo‘shma va 150tasi 100 foiz Rossiya kapitaliga ega korxonalar. Xususan, Rossiya Federatsiyasining 60dan ziyod kompaniya va firmalariga tegishli vakolatxonalar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan. 

O‘z navbatida, Rossiya hududida O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari ishtirokida 570ga yaqin korxona tashkil etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Axborot xizmati 1 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari” mavzuidagi davra suhbatida berilgan ma'lumotga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining sohaga oid vazirliklari va idoralari, shuningdek, kimyo, yengil sanoat, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, aviatsiya, metallurgiya, neft va gaz uskunalari, energetika, gidrotexnika kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan o‘zbek va rus kompaniyalarining vakillari ishtirok etishdi.

Davra suhbatini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad o‘zbek va rus kompaniyalari o‘rtasida savdo aloqalari o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlash, yangi qo‘shma korxonalarni tashkil etish va yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.

Foto: Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati

Uchrashuv chog‘ida SSP Raisi A.Ikramov mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy o‘zgarishlar va O‘zbekiston bozorida Rossiya kompaniyalari uchun yaratilayotgan investitsiyaviy imkoniyatlar, iqtisodiyotni va valyuta bozorini liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat iqtisodiyotining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, shuningdek, amaldagi va yangi tashkil etilgan EIZlarda chet ellik investorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma'lumot berdi.

Shu bilan birga, ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid