O‘zbekiston | 16:50 / 05.12.2017
19204
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bundan buyon ham Afg‘onistondagi jarayonlarda ishtirok etadi - Prezident

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishiga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida ma'lum qildi.

"O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishiga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Afg‘oniston muammosini harbiy yo‘l bilan hal etish mumkin emas. Bu o‘lkada tinchlik va barqarorlik o‘rnatishning eng to‘g‘ri yo‘li – bu siyosiy muzokaralar olib borishdir", deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirgan prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston hukumatining mamlakatda barqarorlik va tinchlik o‘rnatish, muzokaralar orqali umummilliy yarashuvga erishish, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash yo‘lidagi sa'y-harakatlarini to‘la qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlab o‘tgan.

"Qo‘shni Afg‘onistondagi tinchlik Markaziy Osiyoning barqaror va izchil rivojlanish istiqbollarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun imkon yaratadi.

O‘zbekiston bundan buyon ham qo‘shni Afg‘onistonni iqtisodiy jihatdan tiklash, uning transport va energetik infratuzilmasini rivojlantirish, milliy kadrlarini tayyorlash jarayonlarida faol ishtirok etadi", degan prezident.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Qo‘shma bayonot, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikka oid 20 ta hujjat imzolandi va muhim kelishuvlarga erishildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid