Jahon | 19:10 / 06.12.2017
17185
3 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili tergovchilarni palatkada kutmoqda

REUTERS/Oleh Tereshchenko

Ukraina politsiyasining o‘nlab xodimlari chorshanba tongida parlament yaqinida norozilik aksiyasi uyushtirgan namoyishchilar o‘rnatgan palatkalalar bo‘ylab Mixail Saakashvilini qo‘lga olish uchun muvaffaqiyatsiz urinishni amalga oshirdi. Bir kun oldin palatkadagilar siyosatchini politsiyadan qutqarib olgandi va Saakashvili ular bilan shu yerga kelgandi.

Saakashvili keyinroq politsiya uni boshqa palatkalardan qidirgani, siyosatchi bilan mushuk-sichqon o‘yinida xuddi 3 oy ilgari Polsha-Ukraina chegarasida bo‘lgani kabi kulgili holatga tushib qolishgani haqida gapirdi.

Saakashvili bilan bog‘liq mashmashalar g‘arbparast Kiyev rahbariyatini noqulay holatga tushirgan. Bu siyosatchi prezident Petro Poroshenkoni lavozimdan ketkazish uchun harakat qilmoqda va hukumat uni shu tufayli qo‘lga olmoqchi.

Politsiyaning tonggi reydi vaqtida aksiya ishtirokchilari bilan to‘qnashuvlar ro‘y bergan. Bu to‘qnashuv oqibatida 4 nafar politsiyachi va o‘ndan ortiq muxolifatchi jabrlangan.

“Faollar qarshilik ko‘rsatishdi va huquq tartibot organlari vakillariga provakatsiya qilishdi”, - deyilgan politsiya ma'lumotida. Politsiyachilar prokuror ko‘rsatmasi bo‘yicha harakatlanishganini iddao qilishgan.

5 dekabr kuni bosh prokuror Saakashvilini yana qo‘lga olish uchun barcha choralar ko‘rilishi, u jinoiy tashkilotdagi faoliyatda gumon qilinayotganini aytgandi.

Teleefirda Saakashvili o‘z ixtiyori bilan hukumatga taslim bo‘lmasligini takrorladi.

“Men tergovchilar bilan palatkalar shaharchasida uchrashishga tayyorman”, - degan Saakashvili.

Uni qo‘lga olish harakatlari Ukrainaning hozirgi hukumati va Saakashvili o‘rtasida keyingi yilda kelib chiqqan dushmanlik tufaylidir. 2014 yil martidagi voqealardan keyin sobiq prezident Viktor Yanukovich Rossiyaga qochib ketgach, uning o‘rnini Poroshenko egallagan va Saakashvilini Odessa oblasti gubernatori etib tayinlagandi.

Ammo Poroshenko va Saakashvili munosabatlari tez orada buzildi. Gruziyaning sobiq prezidenti joriy hukumatni korrupsiyada aybladi va Poroshenkoni hukumatdan ketkazish uchun harakat boshladi.

Poroshenko esa prokurorlarda Saakashvili Yanukovichga aloqador kuchlardan moliyaviy yordam olib, davlat to‘ntarishi urinishga harakat qilayotganini asoslovchi dalillar borligini aytmoqda.

Shu yilning iyulida Poroshenko Saakashvilini u mamlakatdan tashqarida ekanida Ukraina fuqaroligidan mahrum etgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid