Fan-texnika | 11:43 / 09.12.2017
12993
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyliklar juda ensiz elektrokar yaratishdi

Foto: CHJ Automotive

Xitoyning CHJ Automotive startapi juda ensiz elektrokar SEV’ni taqdim qildi. Bu elektrokar keyingi yildan Los-Anjyeles va Parijda sayyohlarni olib yurishi rejalashtirilmoqda.  

SEV (Smart Electric Vehicle) kompakt kari elektromotor va oddiy elektr tarmog‘idan quvvatlanishi mumkin bo‘lgan yechib olinuvchi akkumulyatorlar bloki bilan jihozlanadi. Mashina bir quvvatlanishda 100 km masofa bosib o‘ta oladi. Uning maksimal tezligi soatiga 45 km ni tashkil qiladi. 

Foto: CHJ Automotive

Elektrokar jihozlari qatoridan yorug‘lik-diodli faralar, 16 dyuymli g‘ildirak disklari, sariq supportli disk tormozlari va avtoparkovkalash tizimi joy olgan. E'tiborli jihati shundaki, standart parkovka joyiga bu avtomobildan to‘rttasini sig‘dirish mumkin. Elektrokar salonida oldinma+ketin joylashgan ikkita o‘rindiq, raqamli asboblar paneli va multirul mavjud.

Foto: CHJ Automotive

Akkumulyatorlar bloki har biri 10 kg keladigan ikkita moduldan iborat. Akkumulyatorlarni osonlik bilan demontaj qilib, xonada ham quvvatlasa bo‘ladi.  

Foto: CHJ Automotive

SEV “Yengil kvadrosikllar” sinfiga kiradi. Mashina g‘ildiraklari mototsikllarga xos bo‘lgan 110/70 R16 o‘lchamiga ega.

Foto: CHJ Automotive

Elektrokar ommaviy ravishda 2018 yildan boshlab ishlab chiqariladi. U nafaqat karshering xizmatlariga taklif qilinadi, balki savdoga ham chiqariladi. Xitoyda mashinaning narxi 40 ming yuan (6 ming dollarga yaqin) turadi. Mashinani shuningdek G‘arbiy Yevropa va AQShga yetkazib berish rejalashtirilgan.

Foto: CHJ Automotive

Startap bir qator dastlabki kelishuvlarga erishdi. Misol uchun, u 16 iyunda Fransiyaning Clem lizing operatori bilan elektrokarlardan Parijda sayyohlik xizmatlari ko‘rsatish uchun birgalikda foydalanish kelishuvini imzolagan.

Mavzuga oid