Jahon | 20:02 / 09.12.2017
49209
3 daqiqa o‘qiladi

Ochlikdan o‘layotgan ayiq videosi foydalanuvchilarni junbishga keltirdi 

Foto: Getty Images

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Kanadaning Baffin yeri orolida ochlik sababli holdan toygan oq ayiq videosini faol muhokama qilmoqdalar.

Ayiq Sea Legacy tabiatni qo‘riqlash tashkiloti vakillari tomondan aniqlangan. Videoda ayiq juda oriqlab ketgani va zo‘rg‘a harakatlanayotganini ko‘rish mumkin. U chiqindi bakida yegulik topolmay, holsizlikdan yerga qulaydi.

“Biz bu holatdan yig‘lardik”, deb eslamoqda voqeani rolikni Instagram’da joylashtirgan fotosuratchi Pol Niklen.

U videoga izohda ayiq suratga olingandan bir necha kun yoki hattoki soatlardan keyin aniq o‘lganini ta'kidlab o‘tgan. Niklen, shuningdek, uning guruhi ayiqni qutqara olmaganini aytib o‘tgan. 

“Men yurakni ezadigan bu holatni hanuzgacha esdan chiqara olmayapman. Biroq shuni bilamanki, biz befarqlik devorini barbod qilish uchun ham go‘zal, ham qayg‘uli narsalar bilan bo‘lishishimiz kerak”, deb yozgan Niklen.

Niklenning aytishicha, ayiqning och qolishiga global isish oqibatlari sabab bo‘lgan. Oxirgi yillarda Arktikaning bu qismida qish qisqarib, dengiz muzlari odatdagidan vaqtliroq erimoqda. Shu sababli ayiqlar dengiz mushuklari va morjlarga ov qilolmay qolganlar va qishki uyqudan o‘ta olish uchun yetarlicha yegulik to‘play olmayaptilar.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham bu holat yuzasidan fikrlarini bildirganlar.

“Yurak-bag‘irni ezadi. Bizga achchiq haqiqatni ko‘rsatganingiz uchun rahmat”, deb yozgan nico_maur.

“Siz buni farzandlaringizga ko‘rsatishingiz kerak, ular dunyoda aslida nimalar ro‘y berayotganini ko‘rsalar, balki bu ularni o‘zgarishlarga chorlashga ilhomlantirar?”, deb yozgan jonathandoylemedia.

“Buni ko‘rish nihoyatda og‘ir! Yurakni ezadi”, deb yozgan yana bir foydalanuvchi.

Boshqa bir foydalanuvchilar suratga olish guruhini ayiqning bu iztiroblarini tugatishga harakat qilib ko‘rmagani uchun koyishgan.

 

A post shared by Paul Nicklen (@paulnicklen) on

Mavzuga oid