Jahon | 20:21 / 11.12.2017
8225
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi elchixonalarini Al-Qudsga ko‘chirmoqchi emas

Foto: Virginia Mayo / AP

Yevropa Ittifoqi Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olishdan bosh tortmoqda va barcha isroilliklarni 1967 yildan boshlab egallagan barcha hududlardan ketishga chaqirmoqda. Bu orada Isroil bosh vaziri Yevropa Ittifoqi elchixonalari Al-Qudsga ko‘chirilishiga ishonchi komilligini, chunki bu “tarixiy fakt”ligini aytgan.

Yevropa hozircha Vashington ortidan borib, Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olib, u yerga diplomatik missiyalarini ko‘chirmoqchi emas. Aksincha, Bryussel hamon mintaqada ikkita – yahudiy va arab davlati tashkil etilishi g‘oyasiga sodiq qolmoqda. Bu haqda 11 dekabrda Yevropa tashqi aloqalar xizmati rahbari Federika Mogerini Isroil bosh vaziri bilan uchrashuvda aytib o‘tdi. 

“Biz Isroil va Falastin o‘rtasidagi ixtilofning yagona real yechimi poytaxtlari Al-Qudsda bo‘lgan ikkita davlat tashkil etilishiga asoslangan, deb hisoblaymiz”, deb aytgan Mogerini.

Mogerinining aytishicha, Yevropa Ittifoqi Al-Qudsning maqomi bo‘yicha “xalqaro qaror”nigina tan oladi va tinchlik jarayonini ilgari surish uchun yanada ko‘proq sa'y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor. Shu munosabat bilan Mogerini 2018 yil yanvarda Falastin yetakchisi Mahmud Abbos bilan uchrashishini e'lon qildi. Abbosning Bryusselga tashrif buyurishi mumkinligini Isroilning Haaretz nashri “kutilmagan qadam” deb atagan.

Mogerini bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvda aytib o‘tdi. Bundan bir oz oldin Netanyaxu Yevropa davlatlarini AQShdan o‘rnak olishga chaqirgandi. “Men ishonamanki, Yevropaning barcha yoki aqalli ko‘p davlatlari o‘z elchixonalarini Al-Qudsga ko‘chiradilar va uni Isroil poytaxti deb tan oladilar”, deb aytgan Isroil bosh vaziri.  

Sharqiy Al-Quds, Iordanning G‘arbiy qirg‘og‘i va Golan tepaliklari xalqaro hamjamiyat tomondan Isroil tomondan bosib olingan yerlar deb hisoblanadi. Mogerini Isroilni umum tan olingan chegaralariga qaytishga chaqirganda shuni aytib o‘tgan.

AQSh prezidenti Donald Trampning Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olish qaroridan keyinoq Mogerini Yevropa Ittifoqi nomidan “hozirgidan ham qorong‘iroq davrlarga cho‘mdirishi mumkin bo‘lgan” qadamdan xavotir bildirgan.

Vashingtonning bu qaroridan keyin falastinliklar va musulmonlarning noroziliklari boshlangan. 

Isroilning amaldagi bosh vaziri Bryusselga 1995 yildan beri ilk bor rasmiy tashrif bilan keldi.

 

Mavzuga oid