O‘zbekiston | 17:50 / 14.12.2017
13854
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda GESlar modernizatsiyasi bilan qaysi davlat kompaniyasi shug‘ullanadi?

Foto: KUN.UZ

Rossiyaning «Rusgidro» energetik kompaniyasi O‘zbekistonda gidroelektrstansiyalarni modernizatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda RIA Novosti «O‘zbekgidroenergo» AJ vakiliga tayangan holda xabar berdi.

“Rusgidro” va “O‘zbekgidroenergo” hamkorlik to‘g‘risida memorandumni imzoladi, u Rossiya kompaniyasi tomonidan respublika gidroenergetikasini rivojlantirish dasturida ishtirok etish imkoniyatlarini o‘rganib chiqishni nazarda tutadi.

«Lengidroproyekt» AJ («Rusgidro» tuzilmasiga kiradi) vakilining aniqlik kiritishicha, memorandum doirasida Rossiya kompaniyasining O‘zbekistonda ikkita GESni qurish hamda oltitasini modernizatsiya qilishda ishtirok etish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Lengidroproyekt» «Gidroloyiha» AJ («O‘zbekgidroenergo» tarkibida) bilan Toshkent viloyatida quvvati 800 MVt bo‘lgan Pskem GES qurilishining boshlang‘ich texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Texnik-iqtisodiy asosni 2018 yilning o‘rtalariga kelib yakunlash rejalashtirilmoqda.

Mamlakat hukumati iyun oyida O‘zbekistonda 2017-2025 yillarda gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha dasturni tasdiqladi, u umumiy qiymati 4 milliard dollar bo‘lgan 18 ta GESni qurish va 14 tasini modernizatsiya qilishni nazarda tutadi. Dastur hisob-kitoblariga ko‘ra, uni amalga oshirish 2026 yilga kelib GES quvvatlarini 1,7 barobarga – 3 ming MVt.dan ortiqqa oshirish imkonini beradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid