Sport | 18:26 / 15.12.2017
17761
10 daqiqa o‘qiladi

«Siti» yo‘lida endi «Tottenhem». Haftaning asosiy o‘yinlari anonsi

Bugundan Yevropa chempionatlarida tur o‘yinlari davom ettiriladi. «Tribuna» kuchli beshlikdagi eng muhim o‘yinlar anonsini taqdim etadi.

ARSeNAL – NYuKASL (16 dekabr, 20:00)

Bu juftlik ko‘pchilikka o‘sha mashhur 2011 yildagi kambekni yodga solsa kerak. O‘shanda birinchi bo‘limni 0:4 hisobida boy bergan «Nyukasl» ikkinchi bo‘limda hisobni tenglashtirishning uddasidan chiqqan edi. O‘sha o‘yindan keyingi to‘qnashuvda ham durang natija qayd etilgan, ammo shundan beri «Nyukasl» «Arsenal»ga qarshi o‘yinlarda birorta ham ochko ololmay kelmoqda.

Ushbu o‘yin oldidan har ikki jamoaning ham kayfiyati joyida emasligini taxmin qilsa bo‘ladi. «Arsenal» oxirgi uch o‘yinda raqiblaridan yaqqol ustunlik qildi, 50dan ortiq zarbalar berdi, ammo atigi 2 ochko oldi, xolos. Natijada «Arsenal» nafaqat kuchli to‘rtlikdan, balki, oltinchi o‘rnidan ham pastga tushib ketdi.

«Nyukasl»ning ahvoli esa, yanada og‘irroq. Mavsumni yaxshi boshlab, hatto, peshqadamlarga yaqin yurgan Benites shogirdlari oxirgi 8 uchrashuvda atigi 1 ochko oldi, xolos. «Nyukasl» 21 oktabrdan buyon g‘alaba nimaligini bilmayapti va hozirda xavfli zonadan atigi 1 ochko oldinda turibdi. Jamoaning keyingi raqiblari - «Arsenal», «Vest Hem» va «Manchester Siti». «Nyukasl» bu o‘yinlarda raqib kim bo‘lishidan qat'i nazar, ochko olishga urinishga majbur, aks holda, yangi yilni yana «chempionship zona»sida boshlashga to‘g‘ri keladi.

ReNN – PSJ (16 dekabr, 21:00)

«Parij Sen Jyermen» kuni-kecha «Strasbur» ustidan safarda 4:2 hisobida g‘alaba qozondi va Liga kubogi nichmorak finaliga chiqdi. Ammo avvalgi turda aynan ushbu jamoadan qabul qilingan mag‘lubiyat parijliklar uchun nafaqat 3 ochkoga, balki qimmatroqqa tushishi tabiiy.

Sababi, endi «PSJ»ni ham yutsa bo‘lishini boshqa jamoalar ham tushunib qolgan bo‘lishlari mumkin. Endi Parij darvozasiga hujum qilishdan, unga yirik hisobda mag‘lub bo‘lishdan qo‘rqishmaydi.

Agar «PSJ»ga qarshilik qilishi mumkin bo‘lgan keyingi o‘rtamiyona jamoa haqida gap yuritish mumkin bo‘lsa, birinchi bo‘lib, xayolga «Renn» kelishi tabiiy. Chunki, Sabri Lamushi shogirdlari oxirgi 10 o‘yinda atigi bir marotaba mag‘lub bo‘ldi xolos. Jamoa 7 o‘yinda g‘alaba qozonishning uddasidan chiqdi. Hatto «Marsel» kabi kuchli jamoa ham kubok musobaqasidan chiqarib yuborildi.

Yaxshi seriya natijasida 6-o‘ringa ko‘tarilib, yevrokuboklar uchun kurashishi kutilayotgan «Renn» peshqadamga munosib qarshilik ko‘rsatishi mumkin.

BORUSSIYa DORTMUND – HOFFeNHAYM (16 dekabr, 22:30)

Yangi murabbiy qo‘l ostida nihoyat «Borussiya» g‘alaba qozondi. Bundesligada qatorasiga 8 o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmagan dortmundliklar safarda o‘ynashlariga qaramasdan «Maynts» ustidan 2:0 hisobida ustun kelishdi.

Bu natija Dortmundning yana g‘alabali yo‘lga tushib olganini ko‘rsatadimi yoki yo‘qmi, navbatdagi o‘yinda bilib olishimiz mumkin. Raqib ham xuddi buyurtma qilingandek, hozirda «Borussiya»dan bir o‘rin yuqorida turgan «Hoffenhaym»dir. «Borussiya» bu o‘yinda g‘alaba qozonish orqali, kuchli to‘rtlikka qaytishi mumkin.

«Borussiya» tarkibida hamon Shyurle, Durm, Kastro, Pishchek, Roys, Gyottse, Filipp kabi asosiy tarkib o‘yinchilari jarohatdan tiklangani yo‘q. Mehmonlardan esa, faqat Dennis Geyger diskvalifikatsiya tufayli maydonga tusha olmaydi. 

Bu juftlik o‘rtasidagi so‘nggi 15 o‘yinning 7 tasida «Borussiya» g‘alaba qozongan. Dortmundda o‘tgan so‘nggi 5 o‘yinda ham mezbonlarning qo‘li baland kelganini ta'kidlash joiz.

MANCheSTeR SITI – TOTTeNHEM (16 dekabr, 22:30)

Angliyadagi top jamoalarning hammasi bu safar ham «Tottenhem»dan mo‘'jiza kutib o‘tirishgan bo‘lsa kerak. Agar Pochettino ham «Siti»ning yurishini to‘xtata olmasa, chempionatdagi intrigadan umid qilmasa ham bo‘ladi.

Mo‘'jiza deb biroz oshirib yuborildi, aslida, «Tottenhem» «Siti» uchun eng noqulay raqibdir. Manchesterliklarning mag‘lubiyatsiz odimlari bu qadar uzoqqa cho‘zilganining sababi ham balki taqvim tufaylidir? Eslasangiz, o‘tgan ikki mavsumda ham «Manchester Siti» qatorasiga g‘alabalar bilan boshlagan, ammo aynan «Tottenhem» 2015 yilda 4:1, 2016 yilda esa, 2:0 hisobida yutib, raqibining shashtini qaytargandi.

Aslida «Tottenhem» «Siti» uchun juda qulay o‘lja sanalgan, 2015 yilgacha qatorasiga 9 o‘yinda «Manchester Siti» g‘alaba qozongandi. Ammo Pochettinoning kelishi muvozanatni buzib yubordi – «Tottenhem» so‘nggi 4 o‘yinda raqibiga mag‘lubiyatga uchragani yo‘q.

Tarkib nuqtai nazaridan, «Tottenhem» markaziy himoyachisi Tobi Alderveyreld tiklanish jarayonida, Davinson Sanches esa, diskvalifikatsiya tufayli o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Xuddi shunday muammo mehmonlarda ham bor. Uzoq muddatga safdan chiqqan himoyachilar Mendi va Stounz safiga endi, Vinsan Kompani ham qo‘shildi.

TORINO – NAPOLI (16 dekabr, 22:00)

«Napoli» uchun dekabr juda muvaffaqiyatsiz boshlandi. Avvaliga «Yuventus»ga imkoniyat boy berildi, keyin esa, jamoa Chempionlar Ligasidagi kurashdan chiqib ketdi. So‘nggi turda o‘z maydonida «Fiorentina» bilan durang esa, «Napoli»ga yana peshqadamlik o‘rniga qaytishga to‘siq bo‘ldi.

Bunday qaltis vaziyat uchun «Torino» juda noqulay raqibdir. Turinliklar 7 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Ayniqsa, o‘tgan turda, «Latsio» ustidan Rimda qozonilgan g‘alaba «Torino»ning bugungi formasini ko‘rsatib turibdi.

«Napoli» hujum chizig‘ida yetakchi futbolchilardan biri Lorentso Insine shu kunlarda safga qaytishi kutilayotgan bo‘lsa-da, aynan bu o‘yinga qanchalik tayyor bo‘lishi hali ma'lum emas.

BORNMUT – LIVeRPUL (17 dekabr, 22:30)

«Bornmut»ning ochkolariga qaramang, Eddi Hau shogirdlari murosasizlikda mavsumning eng noqulay jamoalaridan biridir. Ayniqsa, top klublar uchun. Faqatgina «Arsenal» «Bornmut» ustidan osonroq g‘alaba qozongan xolos. «Manchester Siti» «Bornmut»ni faqat 97-daqiqada urilgan gol evaziga yutgandi. «Chelsi», «Tottenhem» va «Manchester Yunayted» klublari bu jamoa darvozasiga atigi 1 gol urdi xolos. «MYu»ning o‘tgan turda qanday qiynalganini hamma ko‘rdi.

Buning ustiga, bu raqiblarning o‘ziga yarasha tarixi bor – esingizda bo‘lsa, o‘tgan yilgi dekabrda bo‘lib o‘tgan o‘yin juda qiziq o‘tgandi. O‘yin davomida 0:2, 1:3 hisobida ortda borgan «Bormunt» yakunda 4:3 hisobida g‘alaba qozongandi. «Enfild»dagi o‘yinda ham, mehmonlar so‘nggi daqiqalarda hisobni 2:2 bo‘lishiga erishgandi.

O‘z maydonidagi «Everton» va «Vest Bromvich» bilan duranglar Klopp shogirdlarining rejalarida bo‘lmagani aniq. Bu o‘yinda nima qilib bo‘lsa ham g‘alaba qozonish haqida o‘ylaydilar, mezbonlar esa, anoyi emas.

LION – MARSeL (17 dekabrdan 18 dekabrga o‘tar kechasi 01:00)

Fransiyaning ikki mashhur «Olimpik» jamoalari orani ochiq qiladilar. Bu safar «o‘lja» kattaroq – har ikki jamoa bir xil ochko to‘plagan holda 2-4 o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.

«Lion» oxirgi turlarda ikki kutilmagan mag‘lubiyatga uchrab, «PSJ»ni ta'qib qilish imkoniyatini pasaytirib yuborgan bo‘lsa, «Marsel» umuman uch oydan beri Fransiyada mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda.

Jamoalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan so‘nggi 18 uchrashuvning teng yarmi durang bilan yakunlaganini e'tiborga olsak, bu o‘yin ham juda murosasiz o‘tishiga shubha yo‘q.

BOShQA O‘YINLAR

16 dekabr: INTeR – Udineze (19:00), Shtutgart – BAVARIYa (19:30), CheLSI – SAUTHEMPTON (20:00), ROMA – Kalyari (00:45), ATLeTIKO – Alaves (00:45)

17 dekabr: Verona – MILAN (16:30), Vest Bromvich – MANCheSTeR YuNAYTeD (19:15), Bolonya  - YuVeNTUS (19:00), BARSeLONA – Deportivo (00:45)

Mavzuga oid