Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onada “uch og‘ayni o‘g‘ri” ushlandi
Shamsiddin Shodiyev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) mo‘may pul ishlab topish ilinjida norasmiy ravishda xorijga chiqib ketdi. Oradan ko‘p o‘tmay, rafiqasini ham chaqirib oldi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
Ulg‘ayib, voyaga yetgan o‘g‘li Shahobiddin bobo-momosi bilan yashab turdi. Tergab turadigan ota-onasi olisda, bemalolxo‘jaga aylangan yigit bironta joyda yolchitib ishlamadi. Tayinli ishi bo‘lmagan amakisining o‘g‘li Turdiali, takasaltang og‘aynilari bilan kayfu safoga berildi.
Shu yil 26 fevral kuni jiyani Turdiali bilan qishloqning guzarida ko‘rishdi.
- Beshariqdagi G‘iyos akaning avtomoykasidan karcherni olib ketib sotamiz, - deya uni yo‘ldan urdi.
- Mayli-yu, qanday olib chiqamiz?
- Qulfini buzib kiramiz. Karcherni Qo‘qonda pullaymiz. Kechasi uyingga boraman. Uxlab qolmagin. Uydagilarga sezdirmay ko‘chaga chiq.
Tun yarmida Shahobiddin jiyanini qo‘l telefonida chaqirdi. Turdiali ko‘chaga chiqqach, Shahobiddinning velosipedida Beshariqqa yo‘l olishdi. Sirdaryo ko‘chasining avtomobil yuvish shoxobchasining darvozasiga qulf osilgan, tevarak-atrof kimsasiz edi.
- Tashqarida ko‘z-quloq bo‘lib turasan, - deya Shahobiddin osma qulfni buzib, ichkariga kirdi. Ortidan Turdiali ham kirib bordi. Karcherni velosipedga ortib, ortga qaytishdi. Karcherni Shahobiddinning qurilishi tugallanmagan uyiga yashirishdi. Ertasiga Shahobiddin Beshariqqa borib, notanish haydovchi bilan kelishib, “Damas” mashinasiga Turdiali bilan karcherni ortishdi. Shahobiddin sinfdoshi Hoshimjonga qo‘ng‘iroq qildi.
- Bitta buyumni Qo‘qonda sotib kelaylik, - dedi unga.
- Bo‘pti. Men kiyinib, ko‘chaga chiqib turaman.
Qo‘qon shahrida o‘g‘irlangan asbobni sotisholmay, Dang‘ara tumaniga yo‘l olishdi. Yo‘l bo‘yidagi “avtomoyka” ishchisi boshlig‘i bilan gaplashib chiqqach, karcherni 350 ming so‘mga sotishdi. Shahobiddin 40 ming so‘mni yo‘lkiraga, yuz ming so‘mni Turdialiga berdi. Qolganini o‘ziga olib qoldi-da, maishatga sarfladi.
Shahobiddin ko‘p o‘tmay Turdialini yana “ovga” boshladi. Beshariqda sochini oldirgan sartaroshxonadagi televizor esiga tushdi. Jiyani bilan tun yarmida sartaroshxona oynasini sindirib, ichkariga kirdi. Televizor va modemni velosipedga ortib ketishdi. Ertasi kuni ertalab notanish kirakashning mashinasida Qo‘qonning Yangi bozoriga eltib, 750 ming so‘mga pullashdi. Shahobiddin 40 ming so‘mni yo‘lkiraga, 150 ming so‘mni jiyaniga berdi, qolganini tag‘in maishatga sarfladi.
15 mart kuni kunduzi Beshariq shaharchasidagi sinfdoshi Hoshimjonni uchratib qoldi.
- Qoidani buzibman. Mashinamni jarima maydonchasiga kirgizib qo‘yishdi, jarimani to‘lab olib chiqqani pul kerak, - dedi u.
- Menga ham pul zarur. Tunasa bo‘ladigan joyni bilasanmi?
- Tanish ustaning avtomobilga texnik xizmat ko‘rsatadigan ustaxonasidagi asboblarini olib chiqib sotamizmi?
- Xo‘p, kechasi maktab yonida ko‘rishamiz.
Shahobiddin tun yarmida bobosi va buvisiga sezdirmay velosipedini minib chiqib ketdi. Turdialini mingashtirib, aytilgan joyga yetib bordi. Hoshimjon ularni kutib o‘tirgan ekan. Avtotexxizmat ustaxonasining eshigidagi qulfni sindirishdi. Ustaxonadagi elektr dvijok, kemping apparati, bir dona drel va ikki dona bolgarka asboblarini velosipedda tutzorgacha tashib olishdi. Keyin qarovsiz qorovulxonaga yashirib qo‘yishdi. Ertasi kuni dvijok bilan kemping apparatini kirakash “Damas” mashinasida Qo‘qondagi Yangi bozorda notanish kishiga “Rossiyaga ketyapmiz, pul zarur bo‘lib qoldi”, deya 850 ming so‘mga sotib yuborishdi. Shahobiddin bu safar Hoshimjonga 100 ming so‘m, Turdialiga 90 ming so‘mlik “Nokiya” telefoni va 100 ming so‘m berdi.
So‘nggi bor “uch og‘ayni o‘g‘ri”lar uyini qulflab, savdo ishlari bilan poytaxtga jo‘nagan hamqishloqlari Q.Tohirovning televizorini o‘g‘irlab, Qo‘qon shahridagi bozorda arzon-garov pullab yuborishdi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Shahobiddin Shodiyev, Turdiali Ergashev hamda Hoshimjon Valiyevlar qo‘lga olindi. O‘g‘irlangan buyumlar topilib, egalariga tilxat orqali topshirildi. Jabrlanuvchilar o‘g‘irlangan buyumlari qaytarib berilgani, fuqaroviy da'vogarlar esa o‘g‘irlanganini bilmasdan sotib olganliklari tufayli o‘zlariga yetkazilgan zarar sudlanuvchilar tomonidan qoplanganini aytib o‘tishdi. Sudning hukmi bilan qulfbuzar o‘g‘rilarga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Mavzuga oid
18:20 / 23.06.2026
Qirg‘iziston va O‘zbekiston qishloqlarini almashdi
08:45 / 23.06.2026
Farg‘ona va Xorazmda narkotik moddalar qo‘lga olindi
13:30 / 16.06.2026
Toshkentda maktab o‘quvchilari ishtirokidagi jinoiy guruh ushlandi
20:25 / 10.06.2026