Jahon | 15:34 / 18.12.2017
7719
2 daqiqa o‘qiladi

«Trampga qarshi!». Indoneziyada al-Quds bo‘yicha norozilik namoyishi 

Foto: Anadolu

Indoneziya poytaxti Jakartada AQSh prezidenti Donald Trampning al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olish bo‘yicha qabul qilgan qaroriga qarshi norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Indoneziya Ulamolar kengashi tomonidan tashkil etilgan aksiya Monas maydonida o‘tkazilib, unda minglab odamlar ishtirok etdi.

Norozilik aksiyasi qatnashchilari qo‘llarida shunday yozuvlarga ega plakatlarni ko‘tarib olishgan: «Al-Quds musulmonlarga tegishli!», «Biz falastinliklarni qo‘llab-quvvatlaymiz!» hamda «Ozod Falastin!».

Aktsiyada chiqish qilgan Ulamolar kengashi rahbari Ma'ruf Amin aholini Amerikada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni boykot qilishga chaqirdi.

Falastin yerlarining Isroil tomonidan egallab olinishi yarim asr avval ro‘y bergan bo‘lib, prezident Donald Trampning shaharni Isroil poytaxti sifatida e'lon qilish bo‘yicha rejalaridan so‘ng yangi bosqichga kirdi.

Isroil Sharqiy al-Qudsni 1967 yilning iyunida egallab olgan. 1980 yilda Knesset shunday qonun loyihasini qabul qildiki, unga muvofiq Isroil al-Qudsni o‘zining yagona va ajralmas poytaxti deb e'lon qildi.

BMT Xavfsizlik kengashi bunga javoban 478-sonli rezolyutsiyani qabul qildi, unda Sharqiy al-Qudsning Isroil tomonidan egallab olinishi qoralandi. Xalqaro hamjamiyatning fikricha, Sharqiy al-Quds Isroil istilosi ostida qolmoqda.

Bundan tashqari, bironta ham davlat al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olmagan. AQSh al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olgan birinchi mamlakatga aylandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid