Jamiyat | 19:35 / 20.12.2017
11172
3 daqiqa o‘qiladi

1034 nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olindi

Foto:Kun.uz

Bugungi kunda fuqarolarga nisbatan jinoyatlar sodir etib, jazodan qochib yurgan 1 034 nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olinib, jazo muqarrarligini ta'minlashga erishildi. Bu haqida IIV Huquqbuzarlik profilaktikasi Bosh boshqarmasining 20 dekabr kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan yillik hisobotga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma'lum qilindi. Tadbirda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi. 

Shuningdek ayrim fuqarolarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan aziyat chekib qilingan murojaatlar qanoatlantirilib, jami 740 ta o‘tmishda sodir etilgan jinoyat fosh etildi. 

Ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turgan shaxslar va ularning oila a'zolari bilan mahallalarda 693 156 marta tezkor profilaktik profilaktik suhbat o‘tkazilib, ushbu shaxslarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish borasida 220 177 marta muhokama tashkil etildi. 

Anjumanda ma'lum qilinishicha, respublikada mavjud 8 973 ta mahallada profilaktika inspektorlari va jamoatchilik vakillari bilan birgalikda fuqarolarning osoyishtaligini ta'minlash yo‘lida olib borilgan ishlar natijasida 1 079 ta mahallada hech qanday jinoyat sodir etilmagan. 

Hududlarda sodir etilishi mumkin bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy mol-mulkini talon-taroj qilinishining oldini olish maqsadida 15 600 ta (xonadonlar va savdo do‘konlari) qo‘riqlash pultlariga ulanib, ularning xotirjamligi ta'minlandi. 

Bundan tashqari, tungi vaqtlarda fuqarolarning tinch va osuda dam olishini ta'minlash maqsadida xonadonlar atrofida maqsadsiz yurgan 531 324 nafar shaxs aniqlanib, ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarga chek qo‘yildi. 

Anjumanda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatilishini ta'minlash maqsadida 5 884 marta sayyor qabul va uchrashuvlar tashkil etilgan. Ularda aholi o‘rtasida yuzaga kelayotgan muammolar muhokama qilinib, natijalar haqida aholini xabardor qilish yuzasidan 42 338 marta muhokamada fuqarolarning istak va talablari inobatga olinib, hisobotlar berildi. 

Aholini ijtimoiy ahamiyatga ega huquqbuzarliklar haqida xabardor qilish, ularning ogohligini kuchaytirish, qonunga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida mahallalarda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar sayyor sudlarda ko‘rib chiqilishi natijasida 1 056 ta jinoyatning oldi olindi.

Mavzuga oid