12:50 / 20.12.2017
47289

Messi va Ronalduni ortda qoldirgan oxirgi qahramon. Bir afsona tarixi

Foto: Reuters

17 dekabr kuni Kaka futbolchilik faoliyatini yakunlagani haqida rasman e'lon qildi. 

Keyingi 10 yil mobaynida Krishtianu Ronaldu va Lionel Messidan boshqa futbolchi «Oltin to‘p» olishini tasavvuriga keltira olmaydigan muxlislar avlodi yetishib chiqdi. Bu ikki futbolchi 2008 yildan buyon 5 martadan dunyoning eng yaxshi futbolchisi unvonini qo‘lga kiritgan. Ularning birini o‘zga sayyoralik deyishadi, ikkinchisi zamonaviy futboldagi atletizm namunasi. Shu omillar ularning gegemoniyasini yaqqol ifodalaydi.

Lekin bu ikki futbolchini o‘z vaqtida Kaka ortda qoldirgandi. U «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan oxirgi «yerlik» bo‘lib qolmoqda. Braziliyalik bu futbol afsonasi 2007 yili Karlo Anchelotti «Milan»ining yetakchisi sifatida taqdirlangandi. U Chempionlar Ligasining 2006-07 yilgi mavsumida eng yaxshi to‘purar bo‘lgan, yakunda jamoa bilan chempionlikka erishgandi. 2007 yili Messi va Ronaldu ham «Oltin to‘p» uchun da'vogarlik qilgan, ammo ular Kakadan ortda qolishgandi.

Nogironlik yoqasidan katta futbolga

Foto: Twitter

2000 yilda Kakaning nafaqat futbolchi sifatidagi kelajagi, balki hayoti ham xavf ostida qolgandi. U hali 18 yoshda edi, «San-Paulu»ning istiqbolli futbolchisi edi. Kunlardan birida u basseynda do‘stlari bilan garov bog‘laydi - ular tramplindan kim yaxshiroq sakrashi bo‘yicha musobaqalashishadi. Ammo basseyn kichik edi, bo‘yi 186 sm bo‘lgan Rikardu (uning to‘liq ismi Rikardu Izekson dus Santus Leyti - tanishlari uni osongina qilib Kaka deb chaqirishgan) esa buni hisobga olmaydi va boshi bilan bassen tubiga borib uriladi. Uning bo‘yni qayriladi va qonga belanadi.

Shifoxonada rentgen qilinadi, shifokor xursand qiluvchi gap aytmaydi: uning bo‘yin umurtqasi singandi. Kaka jilmayib so‘raydi: «Ertaga mashg‘ulotim bor. Men qachon futbol o‘ynay olaman?». Shifokor qovog‘ini uyib qaraydi: «Omading bo‘lsa yurib ketasan. Boshqa gap ayta olmayman». 

Braziliyalik futbolchi ikki oyni palatada o‘tkazadi, u deyarli yurmaydi. Ammo uning organizmi (balki ishonchi) kuchlilik qiladi, dekabr oyi oxirida Kaka katta qadamlar tashlab uyiga yo‘l oladi. U bilan Yangi yil arafasida xayrlashayotgan shifokor shunday degandi: «Sen juda omadli ekansan. Sen bilan ro‘y bergan ish - mo‘'jiza». Futbolchi bolaligidan kuchli e'tiqodga ega bo‘lgan va doimo takrorlagan: «Men Isoga tegishliman». 2001 yilning yanvaridayoq Kaka «San-Paulu» tarkibida debyut qiladi, 1,5 yil o‘tib, Braziliya terma jamoasi bilan birga Janubiy Koreya va Yaponiya maydonlarida o‘tkazilgan 2002 yilgi jahon chempionatida g‘olib chiqadi.

Bolalik, o‘smirlik va yoshlik

Foto: Twitter

Kaka odobli va yuvosh bolakay bo‘lgan. U aksar vatandoshlaridan farqli ravishda oq tanli va badavlat oila farzandi edi. U yaxshi ta'lim oldi, u bolaligidan xudojo‘y edi. Barcha o‘rtoqlari uni yoqtirishar, unikiga kompyuter o‘ynagani kelishardi. Hatto u uyda yo‘qligida ham kelishardi, chunki ularning ko‘pchiligida mashg‘ulotlardan keyin uyga yetib olish uchun pul bo‘lmasdi.

Qolaversa, Kaka futbolni zo‘r o‘ynardi. U ko‘zidagi muammolarga qaramasdan to‘p bilan juda zo‘r muomala qilardi va shu tufayli u 12 yoshida «San-Paulu» futbol maktabiga kiradi. Avvaliga u ertalab o‘qib, kechqurun shug‘ullanardi. Keyin mashg‘ulotlar ertalabga ko‘chiriladi, Kaka boshqa maktabga o‘tadi. Yakunda ertalab va kunduzi mashg‘ulotlarda bo‘ladigan, o‘qish uchun faqat kechqurun vaqt qoladigan bo‘ldi. Kaka kechqurun uyga qaytar va darslarni qilishga o‘tirardi.

«Milan» skauti Leonardo Kakani jahon chempionati boshlanishidan avvalroq payqagandi – yigitcha har ikki o‘yinda gol urar va boshqa safdoshlaridan o‘zining aqlli harakatlari bilan ajralib turardi. «San-Paulu»da Kakani Pleyboy deb atashardi — chunki u oq tanli oilaning erkatoy farzandi edi. Braziliyada bu so‘z shunday ma'noda qo‘llanardi. Boshqacha ma'nodagi pleyboy so‘zi Kakaga mos emasdi. U 23 yoshida bolalikdagi do‘stiga uylandi. Kaka oila qurgach, yanada sermahsullik ko‘rsata boshlaydi – «San-Paulu» safida 125 o‘yinda 47 gol. «Milan» ikkilanmasdan uning uchun 8,5 mln yevro to‘laydi.

Foto: Twitter

«San-Paulu» futbolchisini Arsen Venger ham payqagandi, ammo o‘shanda fransuz mutaxassisi bu yosh pleymeykerga ishonch bildirmagan. 17 yoshida Kaka Turkiyaga ketishi ham mumkin edi, ammo «Gaziantepspor» uning uchun 1,5 mln yevro to‘lashni istamaydi. Barchasi 2002 yilgi jahon chempionatidan keyin o‘zgardi. Kaka Ronaldo, Ronaldino va boshqa yulduzlar bilan Braziliyaning turnirdagi beshinchi chempionligini nishonlaydi.

Kaka avvaliga ko‘zlariga ishonmaydi. Unga Florentino Peresning o‘zi qo‘ng‘iroq qiladi, ammo 20 yoshli futbolchi bungacha «Milan» taklifini qabul qilib bo‘lgandi.

Anchelotti bilan tanishuv

Foto: Twitter

Karlo Anchelotti «Preferisco la Coppa» («Kubokni afzal ko‘raman») nomli avtobiografiyasida Kaka bilan birinchi uchrashuvi haqida yozadi: «Menga endigina bir braziliyalik yigit haqida gapirishgandi, ammo men uning o‘yinlarini hali ko‘rmagandim. U haqda bilmasdim, faqat ismidan boshqa. Rikardu Izekson dus Santus Leyti - bunday ism ko‘proq ruhoniylarga mos edi. «Milan» uni transfer qildi, biz uni darhol Italiyaga olib kelish kerakmi yoki yana ma'lum muddat «San-Paulu»da qoldirish kerakmiligi haqida o‘ylay boshladik. Nihoyat, men uning kelishiga rozilik berdim. U kelganida boshimni changallab qoldim: u ahmoqona soch turmagida va ko‘zoynakda edi. U sportchiga emas, a'lochi talabaga ko‘proq o‘xshardi. Unga faqat qo‘ltig‘ida kitoblar yetishmayotgandi. Yordamchimga dedim: «Yaxshi, Erazmusga (Yevropa Ittifoqining universitetlararo talabalar va o‘qituvchilar almashish bo‘yicha akademik dastur) xush kelibsizlar. Agar u to‘p bilan ham yaxshi muomala qilsa, yomon bo‘lmasdi».

Ammo Kaka kiyimini almashtirib, maydonga tushib kelganida, men hayratda qolgandim. U jangchiga aylangandi. Birinchi mashg‘ulotdayoq Jyennaro Gattuzo unga tashlandi, ammo Kaka uning zarbalariga dosh bera oldi va to‘pni yo‘qotmasdan yugurdi. Bu vaqtda Rino yerda yotar va eng yumshoq so‘zlari bilan uni so‘kardi. Uning so‘zlarini odatdagi odamlar tiliga shunday o‘girish mumkin edi: «Oilangga xush kelibsan, uka». Kaka yana chopishda davom etdi va tajribali Nestani aldab o‘tib, 30 metr masofadan to‘pni darvoza to‘riga joyladi. Bu aql bovar qilmas hodisa edi. Biz uning ko‘zoynagini yechdik va qizil-qora futbolka kiydirdik. U esa futbol sehrgariga aylanib qoldi».

Aleshandre Patuning qiyin tanlovi

Foto: Reuters

2007 yilda «Milan» yana bir yosh braziliyalik futbolchini - Aleshandre Patuni sotib oldi. 18 yoshli bu futbolchi debyutidan keyin jamoa kiyim almashtirish xonasida qiyin tanlov qarshisida qoladi. U shunday eslaydi: «Ronaldo sumkasidan yalong‘och ayollar surati bilan to‘lgan jurnalni olib, burnimga niqtadi va o‘zining yoki xonasiga ikonalar suratini osadigan Kakaning guruhidan birini tanlashim kerakligini aytdi. U aynan shunday dedi: «Bizda ikki tanlov bor - yoki diskotekaga yoki cherkovga borasan». Men ko‘p ikkilanmadim - yosh edim».

Ruhoniy bo‘lish istagi

Foto: Twitter

O‘zining yagona «Oltin to‘p»ini olishdan avval, 2007 yilning noyabrida Kaka Italiyadagi nashrlardan biriga bergan intervyusida ishonch bilan, futbolchilik faoliyatini yakunlagach, ruhoniy bo‘lmoqchiligi haqida aytgandi. «Men juda xohlayman. Buning uchun avval nazariyani o‘rganishim, kurslardan o‘tishim va Bibliya bilan chuqur tanishishim kerak. Men shu kitobni qo‘limda ko‘tarib o‘sganman, men boshqa kishilarni ham u bilan tanishtirishni istayman. Basseynda ro‘y bergan baxtsiz hodisadan keyin mening e'tiqodim yanada kuchaygan».

Chempion

Foto: Reuters

2007 yil mayining iliq kechasida Kaka Afinadagi «Olimpiyskiy» stadionida tiz cho‘kkancha turardi. Uning ko‘zlari yumuq, qo‘llari osmonga ko‘tarilgan, futbolkasi ko‘ksida esa «Men Isoga ishonaman» yozuvi bitilgandi. Bir necha daqiqa avvalroq arbitr Herbert Fandel Chempionlar ligasi finalida «Milan» «Liverpul»ni mag‘lub etgani haqidagi hushtagini chalgandi.

Foto: Daily Mail

Teleekranlar qarshisidagi millionlab kishilar bir necha yil ichida Kaka Yevropa futboli yulduziga aylanganiga guvoh bo‘lib turishardi. U Dida, Kafu, Maldini, Pirlo, Indzagi, Shevchenko va boshqa yulduzlar yetakchisiga aylangandi. Uning «Old Trafford»da «Manchester Yunayted» darvozasiga urgan goli bu yigit futbol dahosi ekanini isbotlagandi.

Foto: Reuters

Kaka «rossoneri» o‘yiniga tezda moslashib ketdi, u yarim himoya va hujumning bog‘lovchisiga aylandi. Avvaliga u Rui Koshta va Rivaldodan saboq oldi. Futbol faxriylari yosh Kakaga turli epizodlarda qanday harakatlanish kerakligini, raqib ta'qibidan qanday qochish va bo‘sh hududlarda qulay ochilishni o‘rgatishardi. Keyingi bir necha yil ichida Kaka Yevropa futbolidagi asosiy yulduzga aylandi.

Foto: Milan

Kaka «Milan»ga kelishi bilanoq Italiya chempioni bo‘ldi, u A Seriya o‘yinlarida 10ta gol urdi. Keyin yana Italiya chempionatidagi g‘olibliklar, Chempionlar Ligasi kubogi va «Oltin to‘p». 2007 yilda u Messi va Ronaldu ikkisi birgalikda to‘plagan ovozlardan ikki barobar ko‘proq ovoz olgandi.

Foto: AP

Bu yulduz futbolchi hech qachon mojarolarga aralashmagan. U har kuni ibodat qilar, cherkovga va fondlarga xayriya qilar, o‘yinlar va mashg‘ulotlardan keyin to‘g‘ri oilasi bag‘riga qaytardi. Kaka papparatstsilar va sariq matbuot uchun qiziqarli shaxs emasdi.

Milan-Madrid-Milan yo‘nalishi

Foto: Reuters

Chempionlar ligasidagi g‘alabadan ikki yil o‘tib, Kaka «Santyago Bernabeu»dagi jurnalistlar bilan to‘lgan zalda jilmayib o‘tirar, uning yonida Krishtianu Ronaldu ham bor edi. Bu ikki yulduz katta pullar evaziga «Real»ga kelgan, eng qimmatbaho futbolchilarga aylanishgandi.

«Milan» moliyaviy qiyin ahvolga tushib qolgach, asosiy futbolchisini 68 million yevroga sotishga majbur bo‘lgandi. Bundan avvalroq «Manchester Siti» Kaka uchun 100 million yevro to‘lamoqchi bo‘lgan, ammo futbolchi bu jamoaning istiqboliga ishonmagan va Angliyaga bormagandi.

«Real»da esa butunlay boshqacha vaziyat edi, bu har qanday o‘smir orzusidagi klub edi. Kakaning taqdimotiga 60 ming tomoshabin yig‘ildi, u Raul Kasilyas va boshqa jahon yulduzlari bilan bir jamoada to‘p suradigan bo‘ldi.

Foto: Real

Kaka yulduzli tarkibga tezda qo‘shilib ketdi, u Krishtianu Ronaldu bilan yaxshi juftlik hosil qilgandi. Ammo u avvalgi Kaka emasdi, u Madrid klubi futbolkasida o‘zini qizil-qora futbolkadagi kabi his qila olmasdi. U Madridda asosiy yulduz emasdi, ko‘plab yulduzlardan biri edi. Qolaversa, unga bu yerda kichik jarohatlar bezovta qila boshladi va ko‘plab o‘yinlarni o‘tkazib yuborishga to‘g‘ri keldi. Kaka ikki marta tizzasini operatsiya qildirdi, shundan keyin u yanada ko‘proq jarohat ola boshladi.

Foto: AP

Kunlardan birida Florentino Peres Kakaning oldiga kelib, uning Madriddagi muammosi haqida so‘raydi. U gap faqat o‘zida emasligini aytadi. Endi raqiblar maydonda uning harakatlarini oldindan bilib qola boshlashgandi. Kakani Manuel Pellegrini ham, undan keyin kelgan Joze Mourino ham qo‘llab-quvvatlaydi, ular hamisha futbolchi tomonida turishadi, yordam berishadi, qo‘ng‘iroq qilib, sabr qilishga va xotirjamlik saqlashga chaqirishadi.

Kakaning o‘zi ham avvalgi formasiga qaytish uchun tinimsiz mashg‘ulot o‘tkazar, odatdagi rejimga amal qilardi. U uyga qaytganida ham mashg‘ulotlarni to‘xtatmasdi. Ammo uning o‘yini chiqmasdi. Keyin Madridga Mesut O‘zil keldi va braziliyalik futbolchi zaxiraga mixlandi.

2013 yilda Kaka «Milan»ga qaytdi. Afsuski, uning «Milan»dagi yulduzli onlari ortda qolgandi.

Foto: Reuters

Jamoa ham o‘rtamiyonaga aylana boshlagandi bu vaqtga kelib. «San Siro»dagi yomon bo‘lmagan mavsumni o‘tkazgach, Kaka Yevropada ortiq qolmaslikka qaror qildi va okean ortiga – «Orlando Siti»ga yo‘l oldi. «Milan» uni afsona kabi kuzatdi.

AQSh Kaka uchun katta «asal oyi» kabi bo‘ldi. Undan endi jon-jahdi bilan o‘ynash talab etilmasdi va u endi har o‘yinda sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ymasdi. U maydonga chiqishi va kerakli vaqtda kerakli joyga to‘pni yetkazib berishi, qulay vaziyatlardan gol urishi, amerikaliklarni o‘z texnikasi bilan xushnud etishi kifoya qilardi.

3 yil davomida Kaka o‘zini qoniqtirish uchun o‘ynardi va o‘z faoliyatining yakuniga qarab borardi. Oxirgi yillarda uni og‘riqlari bezovta qila boshladi, toliqqan organizm endi dam olishga muhtoj edi. Buni Kaka to‘g‘ri tushunardi. U o‘z hayotidagi oxirgi o‘yin oldidan ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

Foto: The Sun

U hamisha xudo uni to‘g‘ri yo‘l tomon yo‘naltirganiga ishonardi. Uning hayotiy qarashlarini hisobga olmagan holda ham aytish mumkinki, Kakaning futbolchilik faoliyati ideal darajada bo‘ldi. Kamsuqum va ozg‘in yigitcha mehnat qilib, ishonch bilan orzularga yetishdi. 

Foto: twitter/ Kaka

U 35 yoshda futboldan ketdi, uning eski jarohatlarini hisobga olsak, endi futbol o‘ynash qiyin edi. U endi kelgusida futbol murabbiyi bo‘lishi yoki xayriya ishlariga berilishi mumkin. Ammo bir narsa o‘zgarmaydi – Kaka millionlar xotirasida boshqa hech bir futbolchiga o‘xshamas qiyofada qolmoqda. U futbol sehrgarlaridan biri bo‘lgandi.

Hozirgi muxlislar avlodi Krishtianu Ronaldu va Lionel Messidan boshqa futbolchi «Oltin to‘p» olishini tasavvuriga keltira olmaydi. Kaka esa ularni osongina ortda qoldirgandi.

Foto: Twitter

Messini ortda qoldirish

Braziliya va Argentina raqobati - quyoshning chiqishi va botishi kabi abadiy. 2006 yil Londonda bu ikki terma jamoa o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilgandi. O‘shanda Lionel Messi o‘zini lapashangga aylantirishganini tanasida his qilgandi. O‘yinda to‘la ustunlik qilgan pentakampionlar Elanoning ikkita aniq zarbasi evaziga o‘yin oxirida 2:0 hisobida oldinda edi. Shu mahal to‘p Kakaga kelib tushadi, maydonning ikkinchi qismida turgan futbolchi argentinaliklar darvozasi tomon chopadi, uni Leo 50-60 metr masofada ta'qib qilib boradi, ammo yeta olmaydi. Kaka esa raqib jarima maydoniga kirar-kirmas aniq zarba berib, hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltiradi. Shundan keyin bir necha marta Kakaga qarshi o‘ynagan Messi unga yaqinlashmaslikka harakat qilgan. U o‘sha omadsiz poygani unuta olmagan.

Aziz Qarshiyev

Mavzu
G‘oliblar tarixi
Hayotda o‘z intilishlari va irodasi kuchi bilan muvaffaqiyatga erishgan shaxslar bisyor. Ularning har birining qiziq tarixi va hikoyasi bor
Barchasi
Mavzuga oid
Top