Jahon | 14:20 / 20.12.2017
19179
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda fuqarolarga qurilish materiallarini pasportsiz sotish taqiqlandi

Foto: Dreamstime

Narzullo Xoliqov bir necha yildan beri Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi «Varzob» bozorida qurilish materiallarini sotish bilan shug‘ullanib keladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, pasportsiz sotilishi taqiqlangan qurilish materiallari ro‘yxati mavjud.

«Agar xaridorga mix, temirdan tayyorlangan materiallar yoki kalsiy karbidi kerak bo‘lsa, biz undan pasport ko‘rsatishni so‘raymiz. Xaridor haqidagi barcha ma'lumotlar, shuningdek, uning mobil telefon raqamini maxsus daftarga yozib olamiz», - deydi Narzullo Xoliqov. 

Daftarda mahalliy IIB muhri bor, tuman militsiya xodimlari vaqti-vaqti bilan qurilish materiallari bozorida reydlar o‘tkazadi, uning davomida daftardagi yozuvlar, albatta, tekshiriladi. «Bizni jiddiy tarzda ogohlantirishdi – qonunbuzarlik uchun jazo belgilangan. Ba'zida odamlarga juda achinamiz. Aytaylik, olisda joylashgan qishloqda yashovchi odam shaharga mix uchun keladi. Biroq uning pasporti yo‘q. Albatta, achinamiz, biroq hech narsa qila olmaymiz. Ular hech narsasiz qaytib ketishadi», - deydi qurilish materiallari sotuvchisi.

Biroq pasport taqdim etishni yoki mobil telefon raqamini aytishdan keskin bosh tortuvchi xaridorlar ham bor. Narzullo Xoliqovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab sotuvchilarga militsiyaning bunday ogohlantiruv chorasi yoqmayapti – ular daromaddan quruq qolishmoqda, sababi kamdan-kam xaridor bozorga borish chog‘ida o‘zi bilan pasportni oladi, deb xabar bermoqda tojik OAV.

Tojikiston IIVdan aniqlik kiritishlaricha, qurilish materiallarining ba'zi turlarini pasportsiz sotishga bo‘lgan taqiq mamlakatda terrorchilik hujumlarining oldini olish maqsadida qo‘yilgan. «Terrorchilar aksariyat holatlarda bombalarni tayyorlashda mixlar va boltlardan foydalanadi. Bu materiallarni esa bozordan sotib olishadi», - deya aytib o‘tgan IIV xodimlaridan biri. 

Tojikiston IIV ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatda 36 ta terrorchilik xurujining oldi olindi.

Mavzuga oid