Jamiyat | 12:00 / 25.12.2017
40338
2 daqiqa o‘qiladi

“Arvoh-mashina” ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarini o‘ylantirib qo‘ydi (video)

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari yo‘lning qatnov qismida to‘satdan paydo bo‘lgan “Shevrole Niva” mashinasining videosi borasida turli fikrlar bildirmoqdalar. Rolik “VKontakte" ijtimoiy tarmog‘idagi Barnaul 22 sahifasida joylashtirilgan.

Videoregistratori bo‘lgan mashina yo‘lda ketayotib, chapga burilmoqchi bo‘lganda qarama-qarshi yo‘nalishdan “g‘oyibdan paydo bo‘lgandek” “Niva” mashinasi chiqib kelgan. Gap shundaki, bungacha “Niva” umuman ko‘rinmagan. Rolikka berilgan izohda voqea Rossiyaning Barnaul shahrida yuz bergani aytilgan.

Foydalanuvchilar ushbu holat yuzasidan turli fikrlar bildirishgan: ba'zilar “Niva”ni “arvoh-mashina” deb atashgan bo‘lsa, boshqalar esa mashina yo‘l chetidan qo‘zg‘alib, sekin yura boshlagani sababli ko‘rinmaganini aytishgan. “Mashinani chorrahaga kirmagunicha umuman ko‘rmadim, arvoh shekilli”, deb fikr bildirgan bir foydalanuvchi. Yana bir foydalanuvchi mashinani “Uchar golland” deb atagan.

Ba'zilar, shuningdek, haydovchi chapga burilayotganda yo‘l bo‘shligiga ishonch hosil qilish uchun to‘xtamaganini tanqid qilishgan. Ba'zilar esa “Niva”ning ko‘rinmaganiga tuman yoki qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan mashinalar chiroqlaridan tushayotgan shu'la sabab bo‘lishi mumkinligini aytishgan. 

Biroq ko‘pchilik foydalanuvchilar avtomobil chorraha yaqinida joylashgan avtobus bekatidan chiqib, sekin-asta tezlashishni boshlagani sababli ko‘rinmagan bo‘lishi mumkinligini aytishgan.

Mavzuga oid