O‘zbekiston | 12:03 / 26.12.2017
19681
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda qizil lavlagidan 300 baravar shirin o‘simlik navi yaratildi

Surxondaryo viloyatidagi “Ollohyoroxun” fermer xo‘jaligi uch gektar maydonda steviya o‘simligini ochiq dalada parvarishlab, undan mahalliy iqlim sharoitida ko‘paytirishga mos urug‘ oldi, deb yozmoqda O‘zA.

– Bu o‘simlikni uzoq yillar tajriba maydonimizda parvarishlab, bir necha yil oldin uning mahalliy iqlimga chidamli, serhosil “Surxon” navini yaratgandik, – dedi fermer X.Allayorov. – Shundan so‘ng uni ochiq dalaga ekib, sinovdan o‘tkazdik. Kutilganidan ham yaxshi natija berdi. Jumladan, bargidan olinadigan steviozid moddasi o‘simlik vatani –Paragvayda 6-7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, biz o‘stirgan steviya bargida bu ko‘rsatkich 12,4 foizgacha bo‘lgani qayd etildi. Yangi yilda 50 gektar maydonga urug‘ini qadab, mo‘l hosil olishni mo‘ljallamoqdamiz. 

Qizil lavlagidan uch yuz baravar shirin bu o‘simlikdan olingan preparatlar jahon tibbiyotida oshqozon-ichak, kamqonlik, ortiqcha vazn bilan bog‘liq kasalliklarni davolashda samarali vosita hisoblanadi. Qandli diabet bilan kasallangan bemorlar uchun shakar va boshqa shirinlik o‘rnini bosuvchi noyob darmondori sanaladi. Oziq-ovqat sanoati va salqin ichimliklar ishlab chiqarishda xushbo‘y ta'm beruvchi modda sifatida qo‘llaniladi. 

Fermer yetishtirayotgan o‘simlik Toshkent viloyatidagi “Chirchiq steviya interfarm” mas'uliyati cheklangan jamiyatida qayta ishlanmoqda. 

Mavzuga oid