O‘zbekiston | 22:20 / 27.12.2017
124341
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston yo‘llaridagi postlarning barchasi yopilmaydi

Foto: twitter.com/@GrFaraon1

O‘zbekiston hududidagi 133 postdan 66tasini tugatish to‘g‘risida xulosalar tayyorlandi. Bu haqda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zA muxbiri bilan suhbatida ma'lum qildi.

«Biz qisqa muddat ichida barcha postlar faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqamiz. Mamlakatimiz hududida 133ta ana shunday post bor. Shundan 60ta yo‘l-patrul xizmati maskani va 73ta patrul-post xizmati statsionar maskani joylashgan. Dastlabki o‘rganishlarni boshladik. Mana shu jami 133 postdan 66tasini tugatish to‘g‘risida xulosalar tayyorlandi va bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda», dedi u.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, xalqning takliflari, yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlashni hisobga olgan holda ularni keskin ravishda kamaytirish choralari ko‘riladi. Ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul va patrul-post xizmatlari xodimlari bosqichma-bosqich videokameralar bilan ta'minlanadi.

Bundan avvalroq Andijon shahriga kiraverishda ana shunday postlardan biri faoliyati to‘xtatilgani haqida xabar qilingandi.

Andijon-Namangan avtomagistrali orqali Andijon shahriga kirishdagi xalqa yo‘l 36-YHXga qarashli post faoliyatini to‘xtatgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 dekabr kuni Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida viloyatlar o‘rtasidagi postlarning joylashuvi nafaqat aholiga, balki iqtisodiyotga ham katta salbiy ta'sir ko‘rsatayotganini tanqid qilgan va buni bartaraf etish choralari ko‘rilishini talab etgandi.

Mavzuga oid