Jamiyat | 01:10 / 06.01.2018
101123
3 daqiqa o‘qiladi

Elektr energiyasiga ko‘p pul to‘lamaslik uchun nima qilish kerak?

Foto: Enlight

Sifatli va barqaror kommunal xizmati butun dunyo bo‘yicha tanqis hamda qimmat hisoblanishi sir emas. 

Buxoro xonligida paydo bo‘lgan «Registon oldi tinch bo‘lsa, bas» jumlasi singari, ancha vaqt mobaynida poytaxt va viloyat markazlarida yaratilgan shart-sharoit olis hududlarda yashovchi aholi uchun  «​orzu»​ bo‘lib qolaveradi. Endilikda har bir sohada kuzatilgani kabi elektr energiyasini uzatishda ham birmuncha ijobiy holatlar ko‘zga tashlanadi. Shuning barobarida uning narxi oshib bormoqda.

Ayni chog‘da xonadon egasi bir masalaga e'tibor qaratishi kerak. Elektr energiyasidan samarali foydalanish hamda chiqimlardan iqtisod qilib qolish uchun nimalar darkor?

1. Avtomatik tizimni o‘chirish tugmasidan foydalaning. Ish yoki o‘qishga ketishdan avval, butun xonadondagi elektr energiyasi mavjud nuqtalar yoniq qolmaganiga ishonch hosil qilish uchun har burchakni tekshirish shart emas. Shunchaki, umumiy va markaziy tizimni birgina harakat bilan o‘chirish imkoniyatini beruvchi tugmadan foydalaning.

Kundalik turmushda juda ko‘p foydalanmaydigan, masalan omborxonadagi yoritish tizimiga avtomatik sezuvchan datchikni o‘rnatish tavsiya etiladi. Gap shundaki, kishi sharpasini sezishi bilan datchik faollashadi, elektr energiyasi uzatiladi, aks holda barcha energiya iqtisod qilib qolinadi.

2. Ko‘p holatda esa xonaning barcha maydoni yoritilishi shart emas. Bizga muayyan nuqta yetarlicha yorug‘lik bilan to‘lib tursa, bas. Shu tufayli, stol lampasi, shamchiroq, torsherdan foydalanish maslahat qilinadi.

3. Tabiiy holatda ham yorug‘likni oshiruvchi vositalardan foydalanish kerak. Masalan, oynalarning keng va ko‘chaga qarab turishi, mebel va devoriy qog‘ozning yorqin rangda bo‘lishi uyga o‘zgacha fayz olib kiradi.

4. Energosamarador lampalardan foydalaning. Ko‘p hollarda ularning samaradorligi oddiy lampaga qaraganda 85 foizdan ortiq bo‘lib chiqadi. Uyning yo‘laklarini svetodiodlar bilan bezash, bu bilan xonadonga boshqacha ko‘rinishni ato etish mumkin.

5. Maishiy texnika vositalarini yo‘riqnomasi asosida ishga tushiring. Masalan, kir yuvish mashinasida o‘zining sig‘imidan ortiq kiyimlarni yuvsangiz, uning elektr energiya sarfi ko‘payib ketadi. Yana boshqa misolda: zaruriyat tug‘ilmaganda, kir yuvish mashinasidagi suv temperaturasini 10 gradusga oshirish ham elektr energiya sarfini 30 foizga ko‘paytiradi. Agar sovutkichdan muntazam foydalansangiz, uning filtr qavatlarini tozalab turishni unutmang.

6. Elektrotexnikalarni xarid qilishda energosamaradorligiga alohida e'tibor qilish lozim. Ularning ust yorlig‘ida A va B harfi bilan energosamaradorlik kategoriyalari keltirilgan bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, energosamardorlik qoidalariga amal qilish nafaqat hamyonga, balki tabiat va mamlakat iqtisodiyoti uchun ham foydali.

Mavzuga oid