Jahon | 16:22 / 08.01.2018
10883
2 daqiqa o‘qiladi

Dmitriy Medvedev mashina derazalaridan sigareta qoldig‘ini uloqtirishni taqiqladi

Foto: Fotolia

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev yong‘inga qarshi kurashish rejimi qoidalariga o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Me'yorlar qatorida avtomobillar va poyezdlar derazasidan sigareta qoldiqlarini uloqtirishga nisbatan taqiq paydo bo‘ldi, deb yozadi TJournal.

Qoidalardagi tasdiqlangan o‘zgartirishlardan birida shunday deyiladi: «Yo‘llarning ajratilgan polosalari va muhofaza zonalarida, shuningdek, temiryo‘llar va avtomobil yo‘llari uchastkalarida temiryo‘l harakatdagi sostavlari va harakatlanayotgan avtomobil transportidan so‘nmagan shlak, ko‘mir va kul, shuningdek, yonib turgan sigareta qoldiqlari va gugurtlarni tashlab yuborish taqiqlanadi».

Yong‘in xavfsizligi talablarini buzganlik uchun, agar bu hol birinchi marta ro‘y berayotgan bo‘lsa va o‘zganing mulkiga zarar yetkazilmagan bo‘lsa — ikki ming rublgacha jarima qo‘llaniladi. Ilgari yo‘llarda sigareta qoldiqlari va boshqa chiqindilarni tashlash 100 rubl miqdorda jarimaga tortilardi.

Rossiya Davlat dumasida bunday taqiqni 2014 yildayoq qo‘llashni taklif qilishgan edi. 2015 yilda deputatlar sigareta qoldiqlarini ko‘chaga tashlaganlik uchun jarimalar bilan bog‘liq qonun loyihasini tayyorlashgan.

Poyezdlarda chekish 2014 yilning 1 iyunidan, tamaki mahsulotlariga qarshi qonun kuchga kirishi bilan taqiqlangan edi. 2017 yilning 15 fevralidan e'tiboran uzoq yo‘nalishli poyezdlarda elektron sigaretalardan foydalanish ham taqiqlangan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid