Sport | 09:07 / 08.01.2018
18608
2 daqiqa o‘qiladi

«Real» g‘alabani qo‘ldan chiqardi, «Barsa» bilan oradagi farq – 16 ochko

«Real» Ispaniya primerasining 18-turi doirasidagi uchrashuvda «Selta»ni mag‘lub eta olmadi. Vigodagi «Balaidos» stadionida kechgan bahs 2:2 hisobida yakunlandi.

Daniel Vass 33-daqiqada darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqdi va to‘pni darvozaga bexato joyladi. Toni Kroos 36-daqiqada to‘pni Garet Beylga yetkazib berdi, u esa himoyachilarga yelkasi bilan turgani holda birga-bir vaziyatga chiqdi va chapdagi pastki uzoq burchakni aniq nishonga oldi. Isko oradan ikki daqiqa o‘tib, o‘ng qanotdan to‘pni markazda turgan Beylga yetkazdi, u esa uzoq burchakka gol urdi.

Yago Aspas ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida golkiper bilan birga-bir chiqdi, biroq birdaniga tepmay, darvozabonni aldab o‘tishga urindi, Keylor Navas esa uni yiqitdi. Aspas penaltidan chapdagi pastki burchakni nishonga oldi, darvozabon to‘pni ushlab oldi. Vass 82-daqiqada o‘ng qanotdan to‘pni jarima maydonchasiga yetkazib berdi, Maksimiliano Gomes esa boshi bilan uni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi.

«Real» 32 ochko bilan bir o‘yin kam o‘tkazgani holda turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Yetakchilik qilayotgan «Barselona» bilan oradagi farq 16 ball. «Selta» (22) – 14-pog‘onada.

Selta – Real Madrid 2:2 (1:2, 1:0)
Gollar
: 1:0 – 33 Vass, 1:1 – 36 Beyl, 1:2 – 38 Beyl, 2:2 – 82 Maksi Gomes.
Selta – Blanko, Malo, Kabral, Ronkalya, Kastro, Vass (Xosabed, 90), Radoya (Lobotka, 73), Ernandes, Sisto (Mor, 73), Aspas, Maksi Gomes.
Real Madrid – Navas, Xakimi, Varan, Nacho, Marselo, Modrich (Vaskes, 76), Kazemiro, Kroos, Isko (Kovachich, 77), Beyl (Asensio, 84), Ronaldu.
Ogohlantirishlar: Kazemiro (44), Malo (67), Navas (71), Aspas (88).

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid