Jamiyat | 20:50 / 08.01.2018
22462
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda jamoat hojatxonalarida sharoitlar yaxshilanadi

Bekobod tumani, Zafar shaharchasi, 2017 yil. Foto: KUN.UZ

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekistonda mamlakatimiz fuqarolari va xorijiy mehmonlar uchun sayohat davomida yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida hojatxona xizmatini takomillashtirish bo‘yicha keskin islohotlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berishicha, mazkur jarayon yuzasidan loyiha ishlab chiqilib, tasdiqlanilishi kutilmoqda. Bunga ko‘ra umumiy ovqatlanish punktlari, mehmonxonalar va odamlar gavjum bo‘lgan yerlarda joylashgan hojatxonalar inventarizatsiya qilinadi. Inventarizatsiya natijalariga binoan, mavjud hojatxonalar qayta ta'mirlanadi va kerakli joylarda yangilari quriladi. Bundan tashqari, barcha hojatxonalar uch guruhga bo‘linib, ularning egalariga hojatxonalar kerakli holatga keltirib, ta'mirlashlari uchun soliq imtiyozlari beriladi. Mavjud sharoitlarga qarab, xorijiy mamlakatlarda qabul qilingan qonun-qoidalardan kelib chiqqan holda keyingi 2 yil davomida barcha hojatxonalar yo‘l xaritalariga kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari uchun soliq imtiyozlari berilishi bo‘yicha taklif kiritilgan bo‘lib, imtiyozli mablag‘lar evaziga kelgusida hojatxonalarni zarur holatga keltirish, shuningdek, toza va tartibli saqlash mumkin bo‘ladi.

Ta'miri va xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan santexnika vositalari risoladagidek bo‘lgan hojatxonalarda esa sanuzelni orasta qilishning tizimlashtirilgan jadvalini joriy qilish taklif etilmoqda. Bunda mas'ul xodim muntazam ravishda belgilangan vaqtda (bir kunda bir necha marotaba) umumiy tozalash ishlarini olib boradi, hojatxona qog‘ozi, sovun va boshqa kerakli materiallarning zaxirasini almashtiradi va to‘ldiradi.

Ikkinchi guruhga kiruvchi hojatxonalarda (oddiy ko‘rinish va suvning kanalizatsiyaga ulanganligi) birinchi guruhga kiruvchi hojatxonalar kabi ta'mirlash va santexnikasini almashtirish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish darajasini yanada yaxshilash kerak bo‘ladi.

Uzoq va chekka joylardagi suv bilan ta'minlanishi yaxshi bo‘lmagan uchinchi guruh hojatxonalarda eng katta ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Chunki bunday hojatxonalar juda ham chekka joylarda va yaroqsiz qurilish materillari asosiga qurilgan bo‘lib, suv va kanalizatsiya umuman mavjud emas. Bunda rekonstruksiya ishlaridan tashqari suv muammosini hal qilish uchun bir necha tonna suv ketadigan sisternalar o‘rnatish hamda kanalizatsiya xizmatini yaratish umumiy rejaga kiritilgan.

Mavzuga oid: Hisobotlar evaziga xalq roziligini olib bo‘lmaydi: Bekoboddagi ayanchli manzara

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid