Light | 01:44 / 10.01.2018
71625
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng badavlat kishisi nomi ma'lum qilindi

Foto: Time Magazine

Amazon asoschisi Jyeff Bezosning boyligi o‘tgan yil yakuniga ko‘ra, 100 milliard dollardan oshdi va yangi rekord tomon bormoqda — 9 yanvar kuni uning moliyaviy holati 1,4 milliard dollarga o‘sdi va 105 milliard dollar ko‘rsatkichiga yaqinlashdi. Forbes Real Time ma'lumotlariga ko‘ra, ayni damda Bezosning boyligi 104,4 milliard dollarga baholanmoqda. 

Dunyoning eng badavlat kishilari reytingining keyingi o‘rinlarida Microsoft asoschisi Bill Geyts (93,3 milliard dollar), investor Uorren Baffet (87,2 milliard dollar), Facebook rahbari Mark Tsukerberg (77,5 milliard dollar) hamda Inditex kompaniyasi bosh direktori Amansio Ortega (76 milliard dollar) nomlari keltirilgan.

Ta'kidlash joizki, Jyeff Bezosning asosiy daromadi dunyodagi eng yirik internet-riteylerning aksiyalariga qarab baholangan. 9 yanvar kuni Amazon kompaniyasi aksiyalari tarixiy maksimumga yetdi va donasiga 1246 dollar darajasida savdolashilmoqda. 

Bunday natija tabiiy — Amazon qimmatli qog‘ozlari barqaror ravishda o‘sib bormoqda, birgina 2017 yilning o‘zida ularning qiymati 50 foizga oshdi. Bu esa Bezosga sayyoraning eng badavlat kishilari reytingida Microsoft asoschisi Billa Geyts va "omaxalik orakul" Uorren Baffetdan o‘zib ketish imkonini berdi. 

Morgan Stanley taxminiga ko‘ra, 2018 yilda Amazon aksiyalari narxi 2000 dollar ko‘rsatkichini qayd etadi. Bu internet-gigantning bozor kapitalizatsiyasi yillik hajmda 1 trillion dollardan oshishini bildiradi. 

Jyeff Bezos Amazon kompaniyasiga 1994 yilda o‘zining Sietldagi garajida asos solgan. Dastlab bu internet orqali kitob sotishga yo‘naltirilgan do‘kon edi, biroq vaqt o‘tgan sari ishbilarmon uning ko‘lamini kengaytirdi, 1997 yilda esa kompaniyani IPO'ga olib chiqdi. O‘shanda Amazon aksiyalari narxi 18 dollarga baholangandi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid