Jamiyat | 15:40 / 10.01.2018
21206
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onadagi qishloq aholisi suv dardida qishlamoqda

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston va Beshariq tumanlari chegaradosh hududda joylashgan Bekobod qishlog‘i (O‘zbekiston tumaniga qarashli) aholisi ichimlik suvi muammosi bilan yashab kelmoqda. «Kun.uz»ga murojaat qilgan qishloq aholisi vaziyatni atroflicha bayon etgan. 

«Chekka qishloqqa suvning ham chekkasi yetib kelgan. Yo‘q, oldin bunday emas edi. Bekobod qishlog‘i ilgari suvdan qiynalmagan. 60-yillarda 200 metr chuqurlikdan ochilgan quduq chuchuk suvni kattagina qishloqqa quvur va qirqqa yaqin vodoprovod krani vositasida yetkazib bergan. Bundan 10 yilcha oldin shu suv chiqmay qoldi. Mutaxassislarning aytishicha, yer ostidagi suv zaxirasi tugadi», deyiladi murojaat xatida.

Shundan keyin ishloqda yashovchi yuzlab xonadon, shuningdek, shu hududdagi Katta Tagob va Kichik Tagob qishloqlarining bir qismi quyidagi suratlarda keltirilgan ikki jo‘mrakdan suv tashib ichishga mahkum bo‘lib qolgan.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Bu jo‘mraklar oldida doimiy navbatlar hosil bo‘ladi, aholi mashina, eshak arava, va velosiped orqali chelak, 5-10 litr sig‘imli yelim idishlar, plastmassa va temir flyagalarda suv tashiydi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

«Kechasi bu artizonimiz oldi sayilgoh bo‘lib ketadi, chunki hamma shu yerda. Jo‘mraklarning oldiga qabristonning yonidagi zovur yoqalab kelishadi. Yo‘l torroq. Bir marta qiziq bo‘lgan, suv olib ketayotgan «Neksiya»ning kapoti pastak emasmi, ustiga ro‘paradan kelayotgan eshak chiqib ketgan. Kapoti teshilgan, «lobovoy» singan», deya hikoya qiladi Bekobod qishlog‘idan bo‘lgan Otabek.

Foto: Kun.uz

Bekobodliklar 2007 yildan beri tuman hokimiyatidan bu muammoni yechishda yordam so‘rab keladi. Viloyat «Suvoqava» Davlat unitar korxonasi bundan juda yaxshi xabardor. Tuman deputatlarining eshigiga bir necha bor bosh urilgan. Uch oy burun Senat vakili ham qishloqqa qadamranjida qilib ahvol bilan tanishgan, dasturga kiritish va'dasini bergan. Biroq o‘zgarish bo‘lmayapti.

Foto: Kun.uz

Ma'lum bo‘lishicha, muammo yechimi unchalik qiyin emas. 

«Bekobodning ostidagi suv qatlamining birida zaxira tugagan bo‘lsa, ikkinchisida bor. Bekobodning yonidagi Qo‘rg‘oncha qishlog‘ida 350 metr chuqurlikdan chuchuk suv qudug‘i qazib chiqarildi. Bekobodda ham 350 metrli yangi quduq qazilsa suv chiqadi. Ammo bu ish uchun ozmuncha yugur-yuguru, sarf-xarajat ketmaydi. Suv minorasi, 1 kilometrga yaqin quvurlar va quduqning o‘zini qazish xomcho‘tlarga ko‘ra 400 mln so‘mdan ortadi», deydi mahalliy aholi vakili.

«Bekobodni obod qilishga bel bog‘lagan beklar, suv keltirishga yeng shimargan farhodlar bormi? O‘ylaymizki, farg‘onalik mutasaddilar obi hayot dardida qish chiqarayotgan qishloq aholisiga befarq qarab o‘tirmaydi. Axir, «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» tugasa-da, inson manfaatlari tugamaydi-ku?», deya yakunlangan murojaat.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid