Isroil bosh vaziri Hindistonga 6 kunlik safarini boshlaydi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 14 yanvarda Hindistonga 6 kunlik tashrif bilan keladi.
Netanyaxuga bunday safarlar uchun yuzdan ko‘proq tadbirkorlardan iborat rekord darajadagi delegatsiya hamrohlik qiladi. Netanyaxu Hindistonning bir nechta shtatlarida bo‘lib, mamlakat rahbarlari, tadbirkorlar va Bollivud ijodkorlari bilan uchrashadi hamda bir qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolaydi.
“Tashrif iqtisodiyot, mudofaa, texnologiya va turizm sohalarida yirik davlat bilan hamkorlikni mustahkamlashga imkon beradi. Hindiston bosh vaziri Modi Isroilning yaqin do‘sti va shaxsan mening do‘stim. U safarimning aksariyat qismida menga hamrohlik qilishini yuqori qadrlayman”, deb aytgan Netanyaxu safarga jo‘nashdan oldin.
Netanyaxuning tashrifi Narendra Modining Isroilga tashrifiga javob tashrif deb atalmoqda. Modi 2017 yil iyulida Isroilga tashrif buyurgan va Hindistonning yahudiy davlatiga safar uyushtirgan amaldagi ilk bosh vaziri bo‘lgan.
Netanyaxu devoni safar davomida imzolanadigan hujjatlar ro‘yxatini e'lon qilgan. Bu hujjatlar neft-gaz, kinosanoat, aviaaloqa, kiberxavfsizlik , o‘zaro investitsiyalarni rivojlantirish sohalariga taalluqlidir. Isroil bosh vaziri tashrifi davomida Nyu-Dehli, Agra, Ahmadobod va Mumbayga tashrif buyuradi. Shuningdek, uning Hindiston bosh vaziri Modi, prezidenti Ram Natx Kovind va tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj bilan muzokaralar o‘tkazishi, biznes-forumlarda ishtirok etishi, kinosanoat vakillari va mahalliy yahudiy jamoasi rahbariyati bilan muloqot qilishi rejalashtirilgan.
Netanyaxu Nyu-Dehlidagi Gandi yodgorligiga tashrif buyuradi, Mumbayda 2008 yilgi terakt qurbonlarini yodga olishda ishtirok etadi. Bosh vazir bilan birga Hindistonga o‘sha teraktda ota-onasidan ayrilgan va hindistonlik enaga tufayli omon qolgan 12 yoshli isroillik Moshe Xoltsberg ham boradi.
Hindiston iqtisodiyot va savdo vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan 1992 yildan boshlab ular orasidagi savdo aylanmasi 200 mln dollardan hozirga kelib 4,13 mlrd dollarga yetgan. Hindiston Isroilning savdo hamkorlari orasida 9-o‘rinni egallaydi.
Mavzuga oid
16:50
Hindistonda havo ifloslanishi kuchayib ketganidan Toj Mahal ko‘rinmay qoldi
17:36 / 14.11.2024
Hindiston xalqaro aeroportida havoning ifloslanishi tufayli 200 dan ortiq reyslar kechiktirildi
19:27 / 13.11.2024
Pokiston va Hindistonni qoplagan tutun koinotdan ko‘rina boshladi
19:10 / 13.11.2024