Fan-texnika | 19:14 / 15.01.2018
16676
10 daqiqa o‘qiladi

Zamonaviy qurilmalarning o‘tmishdagi muqobillari

Ba'zan o‘tmishdagi buyumlarga o‘xshash gadjyetlarga ko‘zimiz tushadi - odatda ular katta muvaffaqiyatga erishmaydi, lekin juda o‘xshash bo‘ladi. Medium kolumnisti Mett Kroydon zamonaviy "izdoshlari" texnologiyalar olamini boshqarayotgan olti qurilma haqidagi ma'lumot bilan bo‘lishdi.

 

Kerbango (2000)

Foto: Medium/swlh

Bugun hayotni musiqa va internetsiz tasavvur qilish qiyin. Shu darajaga yetib keldikki, "Aleksa, klassika tinglagim kelyapti", "O'key Gugl, falonchi qo‘shiqni qo‘y" yoki "Hoy, Siri, mening so‘nggi trek sahifamni qo‘y" desak, bas - barchasi muhayyo.

Biroq Bluetooth-ko­lon­kalarga qaraganimda Kerbango internet-radio yodimga tushadi. U 32 megabaytli Diamond Rio eng yaxshi cho‘ntak MP3-ple­ye­ri hisoblangan vaqtlar paydo bo‘lgan. Kompaniya o‘z mahsuloti g‘oyasini o‘ylab, uni ishlab chiqarib, 3Com'ga sotishga va iTunes, Rip. Mix. Burn yoki iPod paydo bo‘lmasidan yopishga ham ulgurdi.

Qurilmaning bir necha tugma va ekrani bo‘lgan - uning interfeysi musiqa tinglanuvchi har qanday qurilmada deyarli o‘zgarishsiz qolardi, faqat ovoz bilan boshqariluvchi qurilmalargina bundan mustasno. Biroq har qanday MP3-ple­ye­rdan farqli o‘laroq, unda alohida treklar uchun katalog bo‘lmagan. Umuman olganda, qurilma Linux boshqaruvi ostidagi mitti kompyuter ko‘rinishida bo‘lgan, u internet-radiostansiyalarni MP3 va RealAudio formatlarida translyatsiya qila olgan, albatta, bu yozuvlarning bitreyti bugun bizga kulguli tuyulgan bo‘lardi.

Qurilma ko‘proq yuqori talablar tufayli tanazzulga uchragan: Kerbango ishlashi uchun Ethernet kabel orqali internetga keng ko‘lamda ulanish kerak bo‘lar edi.

U vaqtlar keng ko‘lamli aloqa yetarlicha tarqalgan edi, biroq foydalanuvchilarning aksariyati dial-up texnologiyasi bilan cheklanib qolishgandi. Hatto keng ko‘lamli ulanish imkoniga ega bo‘lganlar ham faqat kompyuterga ulanib, xab va routerlardan kamdan-kam holatlarda foydalanishardi. Kerbango foyda berishi uchun u uchun maxsus sim o‘tkazishga to‘g‘ri kelardi. Boz ustiga, kompyuterda musiqa tinglagisi kelganlar dasturiy pleyerlar bilan kifoyalanishar edi.

 

3Com Audrey (20002001)

Foto: Medium/swlh

Ehtimol, "dotkomlar pufagi" inqirozidan keyinoq yangi mahsulotni ishlab chiqarish yaxshi g‘oya bo‘lmagandir. Ayniqsa, gap 500 dollarlik oshxona internet-jihozi haqida ketganda. 3Com'ning Audrey qurilmasi Ergo lineykasi (uydagi har bir xonaga ulanish kerak bo‘lgan qurilma)dagi birinchi gadjyet bo‘lishi kerak bo‘lgan. Biroq, afsuski, u oxirgisi bo‘ldi.

Men kompaniya Audrey haqida e'lon qilganini eslayman. Qurilma Unix'ning maxsus QNX nomli versiyasida ishlagan, bu esa Linux muxlislarini xursand qilgan, albatta. U bejirim dizayni bilan ajralib turgan va haqiqatda oshxona intereriga yaxshi moslasha olardi.

Shuningdek, men Audrey'ning so‘nggi kunini ham yaxshi eslayman. Chegirmali narxlarda shu qurilmadan qolgan yoki yo‘qligini bilish uchun Circuit City (elektronika sotiladigan katta do‘kon)ga bordim. Ehtimol, men kechikkandirman yoki men do‘konga kelgunimga qadar allaqachon uni talab ketishgandir, rastada faqat sotuvga mo‘ljallanmagan demo-model turardi.

Foto: Medium/swlh

Bugun esa siz maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullanuvchi istagan do‘koningizga kirib, old panelida katta sensor ekranlari bo‘lgan Samsung muzlatgichlariga baho berishingiz mumkin. Ehtimol, bu konsepsiyani muvaffaqiyatli deyishga hali ertadir, lekin bunday qurilmalar mavjud.

 

Mahsulotlarni uyga yetkazib berish ("dotkomlar bumi" davri)

 

Foto: Medium/swlh

Amerikaning ko‘p kompaniyalari "dotkomlar bumi" davrida mahsulotlarni yetkazib berishdan biznes yo‘lga qo‘yishga harakat qildi. Peapod kabi ba'zi kompaniyalar haqiqatda muayyan yutuqlarga erishdi, biroq aksariyat — Webvan, Streamline.​com, Kozmo.​com va boshqalar bunga ulgurmadi.

Bozor u qadar katta emasligini aniqlashdan oldin Webvan logistika va infratuzilmaga katta pul sarfladi. U  tanazzuli "dotkomlar pufagi"ning kuni bitganiga ishora qilgan ilk kompaniyalardan biri bo‘ldi.

Kosmo.​com o‘z faoliyati uchun qiziqroq sohani tanlagandi — Amazon Prime Now va Favor o‘rtasidagi faoliyat turi. Uning yordamida oddiy do‘konlardan musiqa, filmlar va boshqa tovarlarga buyurtma berish mumkin edi. Afsuski, bu kompaniyani ham ayanchli intiho kutayotgan edi.

Bugun nima ko‘ryapmiz? Asosiy chakana tarmoqlarning aksariyati yoki o‘zining tashish xizmatlarini taklif qiladi, yo shu bozordagi ko‘plab startaplardan biri bilan hamkorlik qiladi. Amazon Fresh va Google Express kabi har ishga shay servislar shular jumlasidandir.

 

Takeout Taxi (80- va 90-yillar)

Foto: Medium/swlh

"Hozirning o‘zidayoq nimadir yerdim, ammo uydan chiqqim yo‘q", deysizmi? Bugungi kunda AQShda Favor, Uber Eats, Amazon Restaurants kabi qator kompaniyalar shu sohada muvaffaqiyatli xizmat ko‘rsatmoqda.

Bir vaqtlar Uber Eats haydovchilari buyurtmadan keyin imkon qadar tezroq yetib olish maqsadida tayyor tushliklarni oldindan sotib oladigan bo‘lishgandi. Men venchur kapitalning ko‘pligi startaplarga shunday tajribalar o‘tkazish imkonini beradigan o‘sha damlarni sog‘indim. Biroq bugun ham bu servislarning aksariyati 30-40 daqiqada buyurtmangizni yetkazib bera oladi, bu esa yomon emas.

Hozirda gullab-yashnayotgan bu sanoat nimadan boshlanganini tadqiq qilish qiyin emas. Bunday servislar orasida Takeout Taxi birinchilardan bo‘ldi, u 90-yillarda faol ish ko‘rsatgan. U eng avvalo o‘rtahol oilalarga mo‘ljallangan edi. Men talaba bo‘lganman va uning xizmatlariga haftada ikki martagina buyurtma berish imkoniga ega edim, bu haqiqatda qulay edi.

U paytlar bunday servislar muvaffaqiyati yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biri menyu bilan bog‘liq muammo edi. Siz aynan nima xohlayotganingizni aniq bilishingiz yoki faks orqali kompaniya menyusini olishingiz kerak bo‘lgan. Takeout Taxi mijozlarga yordamlashish maqsadida sherik-restoranlar menyusiga o‘zi haqida ma'lumot joylashtirtishga erishib, katta mehnatni o‘z zimmasiga olgan.

Kompaniya shuningdek telefon kitobchalariga ham reklama joylagan.

 

Microsoft Tablet PC (2001)

Foto: Medium/swlh

Bugunga kelib Microsoft nihoyat o‘zining Surface planshetlar lineykasi muvaffaqiyatiga erishdi, biroq kompaniya birinchi marta iPad paydo bo‘lishidan deyarli 10 yil avval zamonaviy noutbuk imkoniyatlarini o‘z ichiga olgan planshet-kompyuter ishlab chiqarishga harakat qilgan. Texnologik anjumanlarda bunday qurilmalarni ko‘p ko‘rganimni eslayman, asosan gibrid shaklda - umuman olganda, bozorda nisbatan ekzotik konfiguratsiyasi ham bor edi, masalan, ikki ekranli noutbuklar va klaviatura ulanuvchi planshetlar.

Nima uchun o‘sha paytlar bunday qurilmalar mashhur bo‘la olmagani hanuz jumboqligicha qolmoqda. Ehtimol, ular juda qimmat bo‘lib, an'anaviy noutbuklarga nisbatan ancha sekin ishlagandir.

 

Microsoft SPOT Watch (2004)

Foto: Medium/swlh

Aftidan, yengil gadjyetlardan foydalanishga bo‘lgan qiziqish sekin-asta so‘nib borayotgandir, biroq bu vaqt ichida anchagina muvaffaqiyatli qurilmalar chiqishga ulgurdi, ayniqsa, fitnes bilan bog‘liq.

Ko‘p smart-soatlar Bluetooth orqali telefonlarga yoki WiFi orqali internetga ulana oladi. Apple Watch kabi aqlli soatlar esa hatto uyali aloqani ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Biroq Microsoft 2004 yildayoq internetga ulana oluvchi soatlar seriyasini ishlab chiqargan, ular FM-ra­dio­stan­tsiyalar chastotalaridan foydalangan. Yirik megapolislarda bu ob-havo, ko‘chalardagi tirbandliklar va mahalliy yangiliklar kabi asosiy ma'lumotalarni bir tomonlama yetkazishga yetardi. Yana elektron pochtaga kelgan xabarlar, taqvimlardagi eslatmalar, aksiyalar kotirovkalari kabilardan boxabar bo‘lish imkoni bo‘lgan.

Men bir yil Fossil Abacus soatlaridan foydalanganman va bu juda qulay edi. Biroq ekran o‘lchamlari ancha kichik edi, barcha ma'lumotlar unga sig‘ishi kerak edi. Shu bois o‘zim qiziqqan tafsilotlarni boshqa qurilmalardan qarashimga to‘g‘ri kelardi, bu esa gadjyet foydasini sezilarli darajada cheklardi.

Mavzuga oid