Jahon | 00:02 / 16.01.2018
5612
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston va Xitoy gaz eksportini oshirishga kelishib oldi

Qozog‘istonning “KazMunayGaz” kompaniyasi va Xitoyning milliy neft-gaz korporatsiyasi Qozog‘istondan Xitoyga eksport qilinuvchi gaz hajmini yiliga 10 mlrd kub metrgacha oshirishga kelishib oldi.  

Tomonlar gaz-transport tizimini yanada rivojlantirish, mavjud gaz quvurlarini modernizatsiya qilish va o‘tkazunchanligini kengaytirish zarurligini qayd qilib o‘tishgan. 

“KazMunayGaz”da Qozog‘istonning gazni transportirovka qilish va eksportini oshirishga tayyorligi ta'kidlab o‘tilgan.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Xitoyga “Markaziy Osiyo-Xitoy” gaz quvuri orqali tabiiy gaz yetkazilishi 2017 yil natijalariga ko‘ra 13,4 foizga oshib, 38,7 mlrd kub metrni tashkil qilgan.

2009 yil oxirida ushbu gaz quvuri foydalanishga kiritilgandan keyin Xitoyga umumiy hisobda 203,2 mlrd kub metr gaz yetkazilgan.

Qozog‘istonda mustaqillik yillarida gaz qazib olish hajmi 5 martadan ko‘proqqa oshgan va 2016 yil natijalariga ko‘ra 46 mlrd kub metrni tashkil qilgan. 2016 yildan 2040 yilgacha gaz qazib olish hajmi oshishi o‘rtacha yillik 4 foizni tashkil qilishi kutilmoqda.  

Qozog‘istonda olinadigan gazning asosiy ulushi "Karachag‘anak" (49 foiz), "Tengiz" (31 foiz) va "Kashag‘an" (14 foiz) konlari hisobiga to‘g‘i keladi.

Mavzuga oid