Sport | 12:04 / 17.01.2018
10096
2 daqiqa o‘qiladi

Denis Istomin Australian Open turniridagi ikkinchi uchrashuvini o‘tkazdi

Foto: Australian Open

Melburn shahrida tennis bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi Australian Open musobaqasining ikkinchi davra bahslari start oldi. Unda ishtirok etayotgan Denis Istomin navbatdagi uchrashuvini o‘tkazdi.

ATR reytingida 60-o‘rinda borayotgan Denisning bu safargi raqibi turnirning kashfiyoti bo‘lishi kutilayotgan, birinchi davrada sensatsion g‘alabaga erishgan, ATR reytingida 49-o‘rinda qayd etilgan britaniyalik Kayl Edmund bo‘ldi. 

1 soat-u 29 daqiqa davom etgan uchrashuvda Buyuk Britaniya vakili 3 setda osonlik bilan g‘alaba qozondi: 6:2, 6:2, 6:4. Endi britaniyalik 23 yoshli tennischi 4-raundda ATR reytingida 61 o‘rinda qayd etilgan gruziyalik Nikoloz Basilashviliga qarshi kortga chiqadigan bo‘ldi. 

Denis Istomin endi kurashni juftlik bahslarida davom ettiradi. U qozog‘istonlik sherigi Mixail Kukushkin bilan birgalikda juftlik musobaqasining birinchi raundida avstraliyalik Sem Grot va Lleyton Hyuitt juftligiga qarshi kortga chiqadi. Uchrashuv ertaga bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov

Mavzuga oid