Jamiyat | 11:04 / 22.01.2018
26227
4 daqiqa o‘qiladi

Magnat, tadbirkor va qochoq: hongkonglik milliarderning hayot yo‘li

Foto: Getty images

Hongkonglik milliarderlardan kamdan-kami ko‘chmas mulk magnati Jozef Lau kabi yorqin shaxs hisoblanadi. U brilliantlar va san'at asarlariga pulni ayamaydi, uning ma'shuqalari uni  matbuotning doimiy “qahramoni”ga aylantirgan va u Makaoda qidiruvga berilgan.

66 yoshli milliarder yurak va qand kasalliklaridan aziyat chekadi. Uning aytishicha, u boyligining katta qismini rafiqasi va farzandlariga bergan. Biroq Forbes Asia nashri Launing boyligini baholashda rafiqasi va farzandlari aktivlarini ham hisobga oladi, chunki milliarder bu aktivlarni hamon nazorat qiladi, deb hisoblanadi. Shu sababli uning boyligi o‘tgan yildagiga nisbatan 1,5 mlrd dollarga ko‘proqqa – 17 mlrd dollarga baholanmoqda. Shu tariqa Lau eng boy hongkongliklar orasida 5-o‘rinni egallamoqda. Uning aktivlari orasida Hongkong va AQShdagi ko‘chmas mulk, yirik kompaniyalar aksiyalari hamda davlat va korporativ obligatsiyalar bor. 

Quyida milliarderning hayot yo‘li keltirilgan:

1974: Kanadadagi Uinsor universitetini yakunlagan.

1974: Akasi Tomas Lau bilan birgalikda shiftga o‘rnatiladigan venliyatorlar ishlab chiqaruvchi oilaviy biznesga qo‘shiladi. 

1977: Tereza Po Vin-kamga uylanadi va 1992 yilda u bilan ajrashadi. Ayol 2003 yilda saratondan vafot etadi.

1983: Aka-uka Launing Evergo kompaniyasi aksiyadorlik kompaniyasiga aylanadi, 10 yil o‘tgach esa delisting o‘tkazadi.

1985: O‘z faoliyatini qimmatbaho qog‘ozlarga investitsiya kiritish va ko‘chmas mulkni boshqarish bilan kengaytiradi.

1986: Chinese Estates qurilish kompaniyasining eng yirik aksiyadoriga aylanadi. 

1987: Kaduri oilasiga tegishli bo‘lgan Hong Kong & Shanghai Hotels mehmonxonalar tarmog‘i ustidan nazoratni o‘z qo‘liga oladi. Keyinroq mehmonxonalarni yana Kaduri oilasiga qayta sotadi. 

2006: Milliarderga aylanadi. 1,7 mlrd dollarlik boylik bilan ilk bor Forbes’ning milliarderlar ro‘yxatiga kiritiladi.

2012, may: Makaoda pora berish va pul yuvish ayblovlari bilan sudlanishi belgilanadi.

2013, may: Launing advokati Makao sudiga milliarder sog‘lig‘i tufayli sudga kela olmasligi haqida tibbiy xulosani taqdim qiladi.


2014, mart: Makaodan qochadi. Sud uni 2005 yilda yer konsessiyalarini olish uchun davlat xizmatchisiga pora berish ayblovi bilan 5 yil 3 oy qamoq jazosiga mahkum qiladi. U tomondan berilgan pora miqdori 2,5 mln dollarni tashkil qilgan.

2015, may: Rassom Pablo Pikassoning “Ayol byusti” asarini 67,4 mln dollarga sotib oladi.

2015, noyabr: 7 yoshli qizchasi uchun 49 mln dollarlik “Moviy oy” brilliantini xarid qiladi. Ta'kidlanishicha, bu narx auksionda qimmatbaho tosh uchun berilgan eng baland narx hisoblanadi.

2016, oktabr: Sog‘lig‘i bilan muammolar borligi haqida xabarlar paydo bo‘la boshlaydi. Aytishlaricha, u buyrak yetishmovchiligi, yurak va qand kasalliklaridan aziyat chekadi.

2016, noyabr: Matbuotda 2014 yilda ikki farzandi onasi bo‘lgan sobiq ma'shuqasi Ivonn Lyui Lay-kvan bilan munosabatlarni uzgani haqida xabarlar paydo bo‘ladi.

Shundan sal vaqt o‘tib, Apple Daily nashrining sharhlovchisi, 37 yoshli Kimbi Chan Xoy Vonga uylanadi.

2017: Sog‘lig‘idagi muammolar sababli o‘z aktivlarining 10 foizini o‘zida qoldirishini, uchdan birini o‘g‘li Lau Min Vayga, qolgan qismini esa yangi rafiqasi va ikki bolasiga berishini ma'lum qiladi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid