Jamiyat | 17:50 / 25.01.2018
18773
3 daqiqa o‘qiladi

Qotilga aylangan ulfat

Foto: KUN.UZ

Daladan topilgan erkak kishining jasadi hammani hushyor torttirdi. Voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar organi xodimlari atrofni sinchiklab o‘rgana boshladi. Murda yotgan joy yaqinidan erkaklar oyoq kiyimi va ichida ozgina vino bo‘lgan yelim idish topildi. Xodimlar holatni batafsil o‘rganarkan, idishdagi vino, qolaversa, jasadning badanidagi jarohatlar qotillik sodir etilganidan darak beradi, degan to‘xtamga kelishdi. Bu haqda “Postda” gazetasi yozmoqda.

Qayd etilishicha, bu voqea Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida sodir bo‘ldi. Tumandagi fermer xo‘jaliklaridan birining dalasidan topilgan jasadning shaxsini aniqlash qiyin bo‘lmagan. U 46 yoshli Nozim (ismlar o‘zgartirildi) ismli kishi bo‘lib, bir kun avval do‘sti bilan ulfatchilik qilish bahonasida uyidan chiqib ketgan edi. Mudhish xabar Nozimning oila a'zolarini esankiratib qo‘ydi.

Tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvda Nozim Karim degan oshnasi bilan chiqib ketgani aniqlangach, kalavaning uchi topilgandek bo‘ldi. Karim xodimlarni ko‘rganidayoq sarosimaga tushib, gaplari poyma-poy chiqa boshladi. Jinoyat sodir qilgan odamning bunday vaziyatda aybini tan olishdan, real voqeani ro‘y-rost aytib berishdan o‘zga chorasi qolmaydi.

- Uni o‘ldirish niyatim yo‘q edi, - dedi Karim afsuslanganini bildirib titroq ovozda. – Ulfatchilik qilib o‘tirgandik. Hammasi shu “zormanda”ni deb bo‘ldi. Uchta idishda vino bor edi. Avvaliga shirin suhbatlashib, ikki idishni bo‘shatdik. Navbat uchinchisiga kelganda aqlimiz o‘zimizda emasdi. Undagi vinoni icharkanmiz, oxirlagan sari bir-birimizdan qizg‘ana boshladik. Nazarimda, oshnam mendan ko‘p ichib qo‘ygandek tuyulaverdi. Shundan so‘ng idish tagida qolgan ozgina vinoni talashib, mushtlashib ketdik. Mastlik oqibatida do‘stimni kaltaklab, tan jarohati yetkazdim. U hushini yo‘qotgach, voqea joyidan qochib ketdim.

Ko‘rib turganingizdek, spirtli ichimlik ikki do‘stning orasiga tushib, birini qotil, birini maqtul qildi. Ichkilikbozlik tom ma'noda illat ekani yana bir bor o‘zining achchiq tasdig‘ini topdi.

Mavzuga oid