Jahon | 09:49 / 26.01.2018
17243
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan chegarada kilometrlik navbatlar paydo bo‘lgan 

O‘zbekiston – Qozog‘iston chegarasidagi «Jibek Jolu» («G‘isht-Ko‘prik» - «Chernyayevka») nazorat-o‘tkazish punktida so‘nggi uch kunda yana odamlarning kilometrlik navbatlari kuzatilmoqda. Bu haqda chegarani 24 yanvar kuni kesib o‘tgan fuqarolar xabar berishgan.

«Yuzlab odamlar chegarada soatlab turishga majbur. Uzundan-uzun navbatlar Qozog‘iston tomoni kishilarni juda sekinlik bilan o‘tkazayotgani tufayli paydo bo‘ldi. Mening o‘zim bu navbatda bir soatdan ortiqroq turdim», - deya xabar qilgan o‘zbekistonliklardan biri.

Shu bilan birga, O‘zbekiston – Qirg‘iziston chegarasida ham shunday vaziyat yuz berayotgani aytiladi. Fuqarolardan birining 24 yanvarda xabar berishicha, O‘zbekiston – Qirg‘iziston chegarasidagi «Do‘stlik» nazorat-o‘tkazish punktida ham uzun navbatlar paydo bo‘lgan.

«Kechasi soat 2:30da chegaraga kelgan odamlar Qirg‘iziston hududiga hattoki 17:00da ham kira olishmadi. Askarlar chegarani yopib qo‘ydi. Minglab odamlar sovuqda turibdi», - deya yozgan fuqarolardan biri.

Foto: Sputnik
Foto: Sputnik

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston – O‘zbekiston chegarasidagi «Do‘stlik» nazorat-o‘tkazish punkti o‘tgan yilning sentabrida ikki tomonlama ochilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid