Taxtako‘pirda “Qizil kitob”ga kiritilgan jayronlar vahshiylarcha otib o‘ldirildi
20 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Bioinspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlari hududiy inspeksiyasi inspektorlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani “Kitay-kozgan” kollektori hududida tezkor reyd tadbirlarini o‘tkazdi. Unda fuqarolar Salamot Iskandarov, Turiniyoz Nurabullayev, Sidulla Arzimbetov Miyrbekovich, Qadirboy Izimuratov, Atamurat Berdiyarov, Salamot Iskandarov boshqaruvida bo‘lgan “UAZ-469” rusumli avtomashina to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganida, “Qizil kitob”ga kiritilgan yovvoyi turdagi 20 bosh jayron ov quroli orqali otib, olib ketilayotganligi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda qo‘mita Matbuot xizmati xabar beradi.
"Mamlakatimiz faunasini oqquyruq, jayronsiz tasavvur qilish mushkul. O‘zbekistonda noyob jonivorlar – sayg‘oqlar va jayronlar saqlanib qolgan dunyoning atigi besh mamlakatidan biri hisoblanadi", deyiladi xabarda.
Sahro kengliklarida yashashga moslashgan bu jonivor tabiat injiqliklaridan emas, balki odamzodning hakalak otgan nafsi tufayli qirilib ketayotgani achinarli holdir. Sho‘rlik jonivor nafaqat go‘shti, eng avvalo qimmatbaho shoxlari uchun brakonerlarning o‘ljasiga aylanmoqda.
Jayron shoxlari Xitoy va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari tabobatida keng qo‘llanilayotgani bois mo‘may daromad vositasiga aylanib ulgurgan. Jayron xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan bo‘lib, uni yurtimizda ovlash qat'iyan taqiqlangan.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasi ekspertlarining xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan noyob yovvoyi jayronlarning nobud qilinishi oqibatida Hayvonot dunyosiga jami 258 360 000 (ikki yuz ellik sakkiz million uch yuz oltmish ming) so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, huquqbuzarlarga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
21:13 / 31.10.2024
Tipratikan yo‘qolib ketish arafasidagi tur sifatida Qizil kitobga kiritildi
13:08 / 05.09.2024
Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklardan foydalanish tartibiga o‘zgartirish kiritildi
17:30 / 22.03.2024
Foto: Turkiston silovsini Chotqol qo‘riqxonasi kuzatuv fotoqopqoniga muhrlandi
10:28 / 14.03.2024