O‘zbekiston | 20:43 / 29.01.2018
9696
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda jahonga mashhur yuridik kompaniya vakolatxonasi ochildi

29 yanvar kuni Toshkent shahrida jahonning yetakchi yuridik kompaniyalaridan biri hisoblangan «White&Case LLC» vakolatxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Adliya vazirligining Facebook'dagi sahifasida ma'lum qilindi. 

Foto:  Adliya vazirligining Axborot xizmati
Foto:  Adliya vazirligining Axborot xizmati

Vakolatxonaning ochilishi Adliya vazirligi va «White&Case LLC» kompaniyasi o‘rtasidagi Hamkorlik memorandumida ko‘zda tutilgandi. Mazkur hujjat 2017 yilning 18-20 sentabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkka, biznes-forumga tashrifi vaqtida imzolangan. 

Memorandum shuningdek milliy yuridik kadrlarning kompaniya ofislarida  malaka oshirishini tashkillashtirishni ham ko‘zda tutadi. 

Tadbirda Amerika tomondan «White&Case LLC» kompaniyasining asosiy hamkorlaridan biri, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasining raisi Kerolin Lemm ishtirok etdi. O‘zbekiston tomondan - Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va Adliya vaziri Ruslanbek Davletov.

Foto:  Adliya vazirligining Axborot xizmati
Foto:  Adliya vazirligining Axborot xizmati
Foto:  Adliya vazirligining Axborot xizmati

«White&Case LLC» yuridik kompaniyasiga 1901 yilda asos solingan bo‘lib, bugunga kelib u 2200 dan ziyod professional yuristlarni birlashtiradi, ular dunyoning 26 mamlakatidagi 38 ofisda faoliyat yuritadi. Kompaniyaning yillik aylanmasi - 1,5 milliard dollardan ortiq. 

Yetakchi xalqaro reyting tuzuvchilari «White&Case LLC» faoliyatini yuqori baholashadi. Kompaniya Yevropadagi eng yaxshi yuridik kompaniya deya tan olingan. U Chambers Global (2010), Merger Market  (2015), Law 360 (2014) va Chambers Europe Awards (2014) mukofotlariga loyiq deb topilgan.

Bugunga kelib «White&Case LLC» Amerikaning O‘zbekistondagi yagona yuridik kompaniyasi hisoblanadi. Xalqaro darajadagi yuridik kompaniyalarni jalb qilish respublikadagi ishchi muhitning yaxshilanishi, xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratilishi, yuridik va konsalting xizmatlar ko‘rsatish milliy tizimining takomillashuviga olib keladi.

Mavzuga oid