Jamiyat | 11:50 / 01.02.2018
54192
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatidagi xonadonda sher saqlanayotgani aniqlandi (video)

Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi Tutzor qishloq fuqarolar yig‘inidagi xonadonda Afrika sheri noqonuniy ravishda saqlab kelingan. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturida xabar berildi.

Qayd etilishicha, fuqaro G.A.ga tegishli hali qurilishi tugallanmagan xonadon Davlat ekologiya qo‘mitasi va Toshkent tumani Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda, sakkiz oylik Afrika sherining hech qanday talablarga javob bermaydigan sharoitda saqlanayotgani ma'lum bo‘lgan.

- Sher bolasining peshonalari yorilib ketgan, ozib ketgan. Saqlanishi talabga javob bermaydi. Bundan tashqari, binolar ko‘zdan kechirilganda, lochin ham saqlanayotgani ma'lum bo‘ldi, - deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi inspeksiyasi 1-toifali inspektori Ayoz Inog‘omov. – Xonadon egalaridan hayvonlarni saqlashga, tabiatdan olishga, boqishga ruxsatnoma so‘ralganida, taqdim eta olishmadi. Toshkent hayvonot bog‘ida mutaxassislari ham bu haqda salbiy fikr bildirishdi. Veterinar kelib, birinchi yordam ko‘rsatdi. Aniqlik kiritilgunga qadar sher bolasi Toshkent hayvonot bog‘ida saqlab turiladi.

Surishtiruv davomida mazkur sher bolasi Chinoz tumanidagi xususiy korxonaga qarashli pitomnikka tegishli ekani bildirilgan. Afrika sheri poytaxtdagi hayvonot bog‘iga topshirildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid