Jamiyat | 11:30 / 07.02.2018
184201
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 3 bolani o‘ldirgan manyak ushlandi

Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumani hududida turli yillarda bedarak yo‘qolgan 3 bola o‘g‘irlab ketilib, bir shaxs tomonidan bo‘g‘ib o‘ldirilgani aniqlandi. Bu haqda Kun.uz'ning vaziyatdan xabardor ishonchli manbasi ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, tumandagi uylardan birida 2010 yilda yo‘qolgan Sh.M (2003 yilda tug‘ilgan), 2014 yilda yo‘qolgan Yo.U (2005 yilda tug‘ilgan), 2017 yilda yo‘qolgan O.S (2014 yilda tug‘ilgan) jasadlari aniqlandi. Bu bolalar shu Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi Z.O tomonidan bo‘g‘ib o‘ldirilgan va jasadlari hovliga ko‘mib qo‘yilgan.

Huquq-tartibot organlari xodimlari 6 yanvar kuni uyda tintuv o‘tkazishgan, uydan jasadlar qazib olingan, gumondor ushlangan.

Manbaning aytishicha, ushbu shaxsda «ruhiy o‘zgarish» holati qayd etilgan

Ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2-qismi (og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha ish ochilgan. Bu modda bo‘yicha aybdor deb topilgan jinoyatchiga 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum etish yoki umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanishi belgilangan.

Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimlari tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid