Jamiyat | 17:30 / 09.02.2018
42025
3 daqiqa o‘qiladi

IShID tarafdori 10 yilga qamaldi

O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari o‘z imkoniyatlari orqali IShID terrorchilik guruhi jangarilari tarafdori va ularning vayronakor g‘oyalari bilan obdon zaharlangan kimsa Turkiyadan O‘zbekistonga kelayotganligi haqida ma'lumotlar olgan. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali lavhasida aytiladi.

Bunga ko‘ra, ular tez sur'atlarda «mehmonni» kutib olish rejasini ishlab chiqdi va O‘zbekistonga qalbaki pasport bilan kirmoqchi bo‘lgan kimsa qo‘lga olindi. 

Aniqlanishicha, ushbu shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va 2011 yilda Turkiya davlatiga ishlash maqsadida chiqib ketgan Ahror Qosimov bo‘lgan. Qosimov Turkiyada talonchilik jinoyatlarini sodir etgani uchun 2013 yilda Istanbul shahar sudi tomonidan 11 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va qamoqda Hasam Dogushayev, Aleksey Garabayev va Amirxon ismli IShID terrorchilik guruhi faoliyatining tarafdorlari bo‘lgan kimsalar bilan tanishib, ularning ta'siriga tushadi. 2015 yilda esa ularning yordami bilan qamoqdan qochib, Istanbul shahrining Kayashahir mavzesidagi Suriyaga o‘tkaziladigan shaxslarning vaqtinchalik yashash manziliga joylashadi. 

Ahror Qosimov turk tilini yaxshi bilgani uchun rahnamolari ko‘rsatmasiga binoan yangi yollangan IShID terrorchilik guruhi tarafdorlarini Turkiya aeroportida kutib olish va ularni belgilangan manzillarga joylashtirish bilan shug‘ullangan.

Shuningdek, u O‘zbekistonga kelish uchun zimdan tayyorgarlik ko‘rib borgan. Shu vaqtlarda IShID terrorchilik guruhi tomonidan yollangan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Gadjimurod Gaydarov ismli shaxs ham Suriyaga chiqib ketish uchun keladi. E'tiborli tomoni, u Ahror Qosimovga juda o‘xshash bo‘lgan. Bu vaziyatdan foydalanishga uringanlar Ahror Qosimovni Gaydarovning pasporti bilan O‘zbekistonga yubormoqchi bo‘ladi. 

O‘zganing pasport bilan O‘zbekistonga egri maqsadda kirishga uringan Qosimov niyatini oxirigacha yetkaza olmaydi. MXX xodimlari tomonidan hibsga olinadi va barcha qilmishlari fosh etiladi.

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani sudi tomonidan Ahror Qosimovning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi va u 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. 

Mavzuga oid