Jahon | 14:30 / 11.02.2018
21091
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya prezidenti KXDRga borishi mumkin, faqat...

Foto: Reuters

Koreya Respublikasi bosh vaziri Li Nak Yon Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In va KXDR yetakchisi Kim Chen In o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga va bu masalada jahon hamjamiyatining qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirdi. 11 fevral kuni KXDR delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Li Nak Yon shunday bayonot bildirdi.

"Umid qilamanki, Janub va Shimol yetakchilari uchrashuvi uchun munosib shart-sharoitlar yaratiladi. Buning uchun ikki tomon ham faol harakat qilishi kerak. O‘ylaymanki, xalqaro hamjamiyat ham buni qo‘llab-quvvatlaydi", - deya vazirning so‘zlarini keltiradi Yonhap agentligi. Bundan tashqari, u Janubiy Koreya va KXDR o‘rtasidagi uzviy aloqalar Pxyonchxandagi qishki Olimpiadadan keyin ham davom etishi kerakligini ta'kidlagan. 

KXDR delegatsiyasi tarkibiga, xususan, Oliy xalq kengashi (parlament) prezidiumi raisi Kim Yon Nam va mamlakat yetakchisi Kim Chen Inning tug‘ishgan opasi Kim Yo Chjon kiradi. O‘tgan shanba ular Mun Chje In bilan uchrashuv o‘tkazishgan.

Kim Yo Chjon va Mun Chje In. Foto: Yonhap

Muzokaralarning eng asosiy daqiqalari Kim Chen Inning maktubi va og‘zaki murojaatini yetkazish bo‘lgan - unda KXDR yetakchisi qisqa muddatlarda ikki tomonlama sammit o‘tkazish uchun Janubiy Koreya prezidentini Pxenyanga taklif qilgan. Koreya Respublikasi ma'muriyatiga ko‘ra, Mun Chje In mazkur taklifga javoban KXDRga borishi mumkinligi, faqat buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi kerakligini ma'lum qilgan.

Joriy yilning boshida Seul va Pxenyan munosabatlarida iliqlik paydo bo‘ldi. Tomonlar Pxyonchxandagi qishki O‘yinlarga KXDRdan amaldorlar va artistlar delegatsiyasi borishiga kelishib olishgan, shundan so‘ng Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi musobaqalarda shimoliy koreyalik sportchilarnring ishtirokini ham muvofiqlashtirgan. 

Mavzuga oid