Soliq qo‘mitasidagi «vahimali tekshiruv» haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berildi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida «keng ko‘lamli tekshiruv» o‘tkazilayotgani haqida tarqalgan xabarlar inkor etildi. «Kun.uz»ga qo‘mita matbuot xizmati ayni vaqtda Prezident farmoyishi bilan Moliya, Soliq va Bojxona organlarida o‘rganish olib borilayotgani haqida ma'lum qildi.
Manbaning ma'lum qilishicha, qo‘mita bosh binosi atrofi qattiq nazoratga olingani va bino atrofida harbiy yuk mashinalari joylashtirilgani haqidagi xabar asossizdir. Shuningdek, 65 kishidan iborat «tergovchilar desanti» tomonidan tekshiruv olib borilayotgani, qo‘mita raisi Botir Parpiyev betob bo‘lib, shifoxonaga yotgani haqida tarqalgan xabarlar ham haqiqatdan yiroq.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 yanvardagi Moliya, soliq va bojxona organlari faoliyatini tanqidiy o‘rganishni tashkil qilish borasidagi R-5182-sonli Farmoyishiga asosan hozirda moliya, soliq va bojxona organlarida o‘rganish o‘tkazilmoqda.
Qonun hujjatlari milliy bazasiga (lex.uz) joylashtirilgan prezident farmoyishiga asosan o‘tkazilayotgan o‘rganish ishlari Bosh prokuratura, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy loyiha boshqaruvi agentligi, Tashqi savdo, Adliya, Moliya, Iqtisodiyot vazirliklari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti vakillaridan iborat Ishchi guruhi tomonidan amalga oshirilmoqda. Hozirda soliq qo‘mitasida Ishchi guruhining 30 nafarga yaqin vakillari o‘rganish o‘tkazayotgan bo‘lib, shundan faqat 4-5 kishi prokuratura vakillari, qolganlar boshqa tashkilotlardan kelgan mutaxassislar.
Xonalar va hujjatlar muhrlanayotgani yo‘q. Aksincha, qo‘mita mutaxassislari o‘rganish o‘tkazayotgan xodimlarga muammolarni bartaraf qilish va faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Qo‘mita raisi ham betob emas, har kuni odatdagidek ishga kelib, vazifalarini bajarmoqda», deydi manba.
U shuningdek, bundan avvalroq OAVda aytilganidek 2017 yil avgustida qo‘mitaning minglab soliqchilari ishdan bo‘shatilmaganini ta'kidlab o‘tdi.
«O‘shanda 40 dan ortiq xodim ishdan bo‘shagan, shunda ham, shtat birligi Hisob palatasiga o‘tkazilgandi. Tarkibiy tuzilma o‘zgartirilgandi, qo‘mita va hududiy boshqarmalardagi rahbar xodimlar soni kamaytirilib, ular tuman, shaharlardagi oddiy xodimlar soniga o‘tkazilgandi», deya aniqlik kiritadi u.
Bundan avvalroq xorijiy nashrlar Bosh prokuratura tergovchilari Soliq va Bojxona qo‘mitalarida tekshiruv boshlagani, xodimlardan ko‘rsatmalar olingani va hujjatlar muhrlanayotgani haqida xabarlar bergandi. Xabarlarda tekshiruv davomida o‘nlab million dollarlik kamomad aniqlangani aytilgandi.
Mavzuga oid
11:00 / 10.06.2021
«Kafka ham xijolat!» - Yangiyo‘l tumani soliq inspeksiyasi mantiqsizlik bilan qurollanib, fermerlarni «o‘ldirmoqchi»
11:53 / 25.05.2021
Soliq qo‘mitasi raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
11:19 / 14.12.2020
Davlat soliq qo‘mitasi raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
14:12 / 21.10.2020