Sport | 14:10 / 15.02.2018
13704
6 daqiqa o‘qiladi

Mane, Saloh va Firmino «Portu»ni nokaut qildi

«Liverpul» Yevropa chempionlar ligasida keyingi bosqich masalasini amalda hal qildi.

Chempionlar ligasi, 1/8 final. Birinchi o‘yin
PORTU - LIVeRPUL - 0:5 (0:2)
Gollar: Mane, 25 (0:1). Saloh, 29 (0:2). Mane, 53 (0:3). Roberto Firmino, 69 (0:4). Mane, 85 (0:5).
Portu: Joze Sa, Rikardu Pereyra, Reyyes, Markano, Telles, Marega, Errera, Serjiu Oliveyra, Otaviu (Korona, 46), Braimi (Uoris, 62), Soares (Gonsalu Pasensiya, 74).
Liverpul: Karius, Aleksandr-Arnold (Gomez, 79), Lovren, van Deyk, Robertson, Milner, Xenderson (Matip, 75), Veynaldum, Saloh, Roberto Firmino (Ings, 80), Mane.
Javob o‘yini - 7 mart.

9 yil yo‘lda
«Biz ko‘p vaqtdan buyon Chempionlar ligasi pley-offida bo‘lmadik. Mening davrimda guruhdan chiqish oddiy hol edi, ammo keyin hammasi o‘zgardi». «Liverpul»ning sobiq futbolchisi Jyeymi Karragerning gapida jon bor. Mersisaydliklar turnirning bahorgi qismida ishtirok etishni 9 yil kutishdi. Inglizlar jamoasi oxirgi marta 2008-09 yilgi mavsumda YeChLning pley-off bosqichida o‘ynagan, o‘shanda «Real» safarda 1:0, «Enfild»da 4:0 hisobida mag‘lub etilib, jamoa chorak finalga chiqqandi. Ammo chorak finalda «Chelsi»ga qarshi dramatik bahslardan keyin (birinchi o‘yinda londonliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozongan, javob uchrashuvida «Liverpul» 4:2 hisobida oldinga chiqib olgan, ammo o‘yin 4:4 hisobida yakunlangandi). Shundan keyin yillar o‘tdi, jamoada 5 marta murabbiy o‘zgardi (Benites, Hojson, Dalglish, Rojyers va Klopp). Faqat germaniyalik mutaxassis «Liverpul»ni guruh bosqichidan olib chiqa oldi.

«Ajdaho toshi»
«Dragau» o‘yingohida «Portu» muxlislari ko‘p marta YeChLning fevralgi o‘yinlarini tomosha qilishgan. Jamoa o‘tgan 9 yil ichida 5 marta guruhdan chiqqan, bahorgi o‘yinlarda ikki marta ishtirok etgan. Statistika nuqtai nazaridan «Liverpul» uchun «Dragau»dan «Ajdaho toshi»ni olib qaytish qiyin vazifa edi. Qolaversa, Serjiu Konseysau shogirdlari bu o‘yinga qadar 24 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgandi. Buni o‘yindan oldingi matbuot anjumanida Klopp ham qayd etib o‘tdi: «Hech kimga «Portu»dek raqibni ravo ko‘rmasdim. Bu yevrokuboklarda toblangan tajribali va mahoratli futbolchilardan iborat jamoa».

Safarda ham o‘z uyingdagidek
Portugaliyada havo harorati yilning bu davrida xuddi Angliyadagi kabi bo‘ladi. Bu o‘yin vaqtida ham «Dragau»da yomg‘ir yog‘ib turdi va inglizlar o‘zlarini xuddi o‘z uylaridagidek his qilishlari mumkin bo‘ldi. Birinchi bo‘limning ba'zi qismlarida mehmonlar to‘pga egalik qilish bo‘yicha mezbonlarni ikki barobar ortda ham qoldirishdi. 

Yanvar oyida mersisaydliklar braziliyalik afsungar Koutinoni yo‘qotdi, ammo Firmino, Saloh va Mane kabi jangchilar tarkibda. Bu uchlik mavsumda birgalikda 58 gol urgan. Ular «Dragau»dagi oqshomda ham qahramon bo‘lishdi.

G‘alaba uchun 5 daqiqa kifoya
Birinchi bo‘limning 5 daqiqaligida mehmonlar jamoasining senegallik va misrlik futbolchilari bittadan gol urishdi va «Liverpul»ning javob o‘yini oldidan ustunlikka ega bo‘lishini kafolatlashdi. Veynaldumning individual harakatlaridan keyin to‘p bo‘sh turgan Manega kelib tushdi va u uzoq masofadan darvozani ishg‘ol etdi.

Saloh esa Milnerning qanotdan uzatgan to‘pini o‘ziga bo‘ysundirdi va himoyachilar hamda darvozabonni dog‘da qoldirdi.

Ammo «kuchli uchlik»ni bu kecha to‘xtatib bo‘lmasdi, ikkinchi bo‘lim boshlanishidan 10 daqiqa o‘tib, Firmino bergan zarbani darvozabon qaytargach, to‘pga birinchi bo‘lib Mane yetib keldi - 3:0.

Yana biroz o‘tib esa braziliyalik futbolchining o‘zi ham darvozani ishg‘ol qildi va nomini tabloga yozdirdi. Uning bu golni nishonlashi va unga Manening qo‘shilishi ijtimoiy tarmoqda memga aylanib ketdi.

Mersisaydliklar raqibni kamsitishda davom etishdi, nokdaun holatidagi «Portu»ni o‘yin oxirida Mane nokaut holatiga tushirdi. Uzoq masofadan darvoza to‘rini ishg‘ol etgan senegallik hujumchi het-trigini nishonladi - 5:0.

«Liverpul» Chempionlar ligasida oxirgi o‘yinlarida 12ta javobsiz gol urdi. Umuman, mersisaydliklar klubi turnirning joriy mavsumida o‘rtacha samaradorlik bo‘yicha eng yaxshi natijani qayd etmoqda. «Liverpul» har o‘yinda o‘rtacha 4tadan gol urmoqda.

«Ajdaho toshi» olindi va parchalab tashlandi. Portugaliyaliklar jamoasining mag‘lubiyatsiz seriyasi ayanchli yakunga ega bo‘ldi. «Liverpul» esa 9 yil o‘tib nihoyat bahorda ham Chempionlar ligasida o‘ynashi oydinlashmoqda. Bir haftadan keyin Angliyada o‘tkaziladigan javob uchrashuvi quruq rasmiyatchilik maqomida bo‘ladi.

Mavzuga oid