Sport | 18:45 / 26.02.2018
11766
3 daqiqa o‘qiladi

Iqboljon Xoldorov kubaliklarga qarshi jangga qanday tayyorlanish kerakligi haqida gapirdi

Foto: O‘zbekiston Boks Federatsiyasi

WSB yo‘nalishida musobaqalarda ishtirok etayotgan «Uzbek Tigers» jamoasi a'zosi Iqboljon Xoldorov Kubaning «Cuba Domadores» jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadigan boks kechasidan oldin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— WSB musobaqalari yangi mavsumi men uchun endi boshlanmoqda. Hozircha bu yilda janglarida ishtirok etmagandim. Birinchi jangdayoq eng jiddiy raqibga qarshi jang olib boramiz. Albatta raqib begona emas. Samarqandda bo‘lib o‘tgan jangda ham «Cuba Domadores»ga qarshi jang qilganmiz. Murabbiylar bilan oldingi to‘qnashuvlarimiz videoyozuvini ko‘rib, tahlil qilib xatolarimiz ustida ishlayapmiz. O‘ylaymanki, mashg‘ulotlar jarayonida barcha kamchiliklarimizni bartaraf etdik. Ertaga bo‘lib o‘tadigan janglarda oldingi xatolarni takrorlamaslikka harakat qilib, yurtimizga g‘alaba olib kelamiz degan umiddaman.

— Kubaning ayyor, qarshi hujumlarga asoslangan janglari ayniqsa, siz kabi yosh, ehtirosli, ko‘proq hujumga tashlanadigan bokschilarga noqulay sanaladi. Jahon chempionati finalida ham bu ko‘rindi. Ertangi jang oldidan bu borada ham ishladingizmi?
— To‘g‘ri kubaliklar qarshi hujumlarda ko‘proq jang qiladi. Lekin biz ularning qanday uslubda jang qilishi mumkinligini o‘ylab tayyorgarlik ko‘ra olmaymiz. Agar shunday qiladigan bo‘lsak, jang paytida ular butunlay boshqacha taktika tanlaydigan bo‘lsa, chalg‘ib qolib nima qilishimizni bilmay qolishimiz mumkin. Eng yaxshisi ringga har qanday holatga, har qanday taktikaga qarshi tayyor bo‘lib chiqish. Ringga chiqqandan keyin vaziyatga qarab taktika tanlanadi.

O‘tgan safar ular ko‘proq himoyadan harakat qilgan. Bunga qarshi tayyorgarlik ko‘rishimizni bilishadi. Shu bois ular ham taktikani o‘zgartirishi mumkin. Shu sababdan ham biz barcha jihatlarni hisobga olib tayyorgarlik ko‘rdik. Ertangni jangda buni muxlislarga ko‘rsata olamiz, deb o‘ylayman», deya gapirib o‘tdi Xoldorov KUN.UZ muxbiriga bergan intervyusida.

Mavzuga oid