13:15 / 01.03.2018
23135

«Eski hammom, eski tos». Superliga boshlanmasdan oldin, taqvim o‘zgartirildi

Superliga 2018 musobaqasining 1-turidan o‘rin olgan «Metallurg» – «Navbahor» o‘yini 2 martdan 4 martga ko‘chirildi.

Foto: metallurg-pfc.uz

PFL sayti xabariga ko‘ra, «Metallurg» klubi prezidenti, «O‘zbekiston» metallurgiya kombinati bosh direktori A.Xursanov ko‘p millatli Bekobod shahri aholisi nomidan O‘FA birinchi vitse-prezidenti U.Ahmadjonov nomiga murojaat qilib, o‘yinni 4 martga ko‘chirib berishni iltimos qilgan.

Xatda Bekobod ahlining ishdan bo‘sh paytdagi asosiy dam olish maskani «Metallurg» stadioni ekanligi, ayni paytda ushbu maskanni chempionatiga tayyorlash borasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirilayotganligi, shuningdek, metallurgiya kombinati ishchilarining dam olish kuni stadionga kelib, ko‘ngilli hordiq chiqarishlari, oilaviy dam olishlarini ta'minlash zarurligi alohida ta'kidlanib, «Metallurg» – «Navbahor» jamoalari uchrashuvini yakshanba, 4 mart kuniga ko‘chirish, o‘yinning boshlanish vaqtini muxlislar uchun qulay bo‘lgan 15:30ga belgilash so‘ralgan. O‘FA rahbariyati esa «Metallurg» talabini bajarishga rozi bo‘lgan.

Natijada, chempionat o‘yinlari boshlanmasdanoq, rasman tasdiqlangan, taqvimda aniq belgilangan o‘yin boshqa muddatga ko‘chirildi. Bu holat bo‘yicha «Navbahor» klubi vakillarining fikri qanday ekani ma'lum emas.

O‘yinni ko‘chirish uchun «Metallurg» klubi keltirgan bahonalardan biri g‘alati. Klub Bekobod aholisining yakshanba kuni hordiq chiqarishi haqida qayg‘urmoqda, buni tushunsa bo‘ladi. Ammo, o‘z o‘yinlarini 1 mart (chorshanba) kuni o‘tkazadigan Navoiyning «Qizilqum» va Farg‘onaning «Neftchi», shuningdek, 2 mart (juma) kuni o‘tkazadigan Toshkentning «Paxtakor» klubi muxlislari yakshanba kuni hordiq chiqarmaydimi? Ular ish kuni bo‘lsa ham, vaqt topib futbolga boraveradimi?

«Metallurg» klubi stadionni mavsumga tayyorlash uchun katta hajmdagi ishlar olib borilayotganini ham bahona qilgan. Bu haqiqatga yaqinroq bo‘lsa kerak, ya'ni, aslida, katta ehtimol bilan «Metallurg» stadioni yangi mavsumga tayyor emas. Unda ta'mirlash ishlari tugatilmagan. U holda, nima uchun stadion O‘FA xodimlari tomonidan mavsumga shay deb qabul qilindi? Nega klubga chempionatda ishtirok etish uchun ruxsat berildi? 

Bundan tashqari, o‘yinni translyatsiya qilish uchun, oldindan katta tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygan, uni o‘z dasturiga kiritgan «Sport TV» fikri inobatga olindimi?

Mavsum boshlanishidan oldin, O‘FA rahbariyati yangi qarorlarning barchasiga so‘zsiz amal qilinishi ta'minlanadi, deb jar solgan edi. Avvalroq, O‘FA qarorini bajarmaganligi uchun «Navbahor» va «Bunyodkor» 500 million so‘m (!) jarimaga tortilgan edi. 

Afsuski, bugun «Metallurg» klubiga jiddiy masalada yon bosilayotganini ko‘rmoqdamiz.

Mavzuga oid
Top