Jamiyat | 13:12 / 02.03.2018
22816
13 daqiqa o‘qiladi

Voyaga yetmagan bolalar nega jinoyat sodir etmoqda?

Foto: Fotolia

Xalqimiz azaldan bolajonlik fazilatini namoyon qilib, farzandni dunyoga keltirishdan tortib, to kamolga yetkazgunga qadar uning ta'minoti, ta'lim-tarbiyasi va bilim olishi, kasb-hunar egallashiga, umuman, yetuk inson bo‘lib kamol topishiga alohida e'tibor qaratib kelgan.

Milliy qonunchiligimizda bu insonparvar qadriyatlarimiz o‘zining teran ifodasini topgan. Xususan, Asosiy Qonun — Konstitutsiyamiz, Oila kodeksi, "Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi, "Vasiylik va homiylik to‘g‘risida"gi, "Voya­ga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘­risida"gi qonunlar, Prezidentimizning ko‘plab farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining bir qator qarorlarida farzandlarimiz, ayniqsa, voyaga yetmagan bolalar manfaatlarining ishonchli himoyasi kafolatlangan.

Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan bolalar haq-huquqlarini himoya qilish, ularni har tomonlama barkamol inson qilib tarbiyalash, voyaga yetmagan bolalarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirish va ularning yuqori darajada ta'lim-tarbiya olishini har tomonlama ta'minlash borasida izchil hamda tizimli ishlar olib borilmoqda.

Bu haqda so‘z borganda, bugungi kunda maktabgacha ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e'tirof etish lozim. Ze­ro, keyingi davrda ayni sohaga tatbiq etilayotgan shiddatli yangilanishlar davlatimiz tomonidan bolalarga tug‘ilganidan boshlab g‘amxo‘rlik qilishga yuksak e'tibor qaratilayotganining yana bir yaqqol dalilidir.

Bola dunyoga kelganidan boshlab unga g‘amxo‘rlik qi­lish, sog‘lom va to‘g‘ri tarbiya hamda zamonaviy ta'lim olishini ta'minlash — jamiyatimiz kelajagi, ertangi kunimiz poydevoridir. Nega deganda, bolalar zilol suvga o‘xshaydi. Suv qaysiki idishga solinsa, shu idish shaklini olganidek, bolalar muhit, ota-ona va tarbiyachilar odob-axloqi va xatti-harakatlarini aynan ko‘rganidek qabul qilishi hech kimga sir emas. Zotan, "Qush uyasida ko‘rganini qiladi", degan naql bejiz aytilmagan.

Shuning uchun farzand tarbiyasiga g‘oyatda mas'uliyat bilan yondashish, bunda shaxsiy ibrat juda muhim omil ekanini unutmaslik joiz. Ulug‘ alloma Abu Homid G‘azzoliy ta'biri bilan ayt­ganda, "Bola tarbiyasi eng muhim ishlardandir. Farzand ota-onaga omonat. Bola qalbi pok, nozik, sodda va har qanday naqsh va suratdan xoli gav­hardir. Unga qanday naqsh solinsa, shunga ko‘ra shakllanadi, eggan tomonga egiladi."

Alloma yana shuni ta'kidlaydiki, agar bola yaxshilikka o‘rganib, yaxshilik ichida voyaga yetsa, dunyo va oxirat saodatini topadi. Agar bo­la e'tiborsiz tashlab qo‘­yilsa, yomonlik ichida o‘ssa, baxtsizlikka yuz tutadi. Bunda gunoh yuki shu ko‘yga sol­ganlarning, ota-onaning zimmasiga yuklanadi.

Asrlar osha bizgacha yetib kelgan ana shu hikmat durdonalari bugun ham bola tar­biya­siga katta ahamiyat berayotgan yurtdoshlarimizning ayni ko‘nglidagi gaplardir, desak, aslo mubolag‘a emas. Chindan ham, farzand tarbiyasida yo‘l qo‘yilgan xato, e'tiborsizlik hech qachon beiz ketmaydi.

To‘g‘ri, biron-bir bola "katta bo‘l­sam jinoyatchi bo‘laman", deb niyat qilmaydi, shuningdek, hech qaysi ota-ona farzandining jinoyatchi bo‘lishini istamaydi.

Shunday ekan, bugun voyaga yetmagan bolalarimiz tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning sabablarini qayerdan izlash kerak?

Tahlillarga ko‘ra, ayni paytda bunga sabab bo‘layotgan bir qator omillar mavjud.

Birinchidan, ayrim ota-onalar farzandi dunyoga kelgach, arzimagan bahonani ro‘kach qilib, ajrashib ketadi. O‘z navbatida, oila buzilishi bolaga o‘ta salbiy ta'sir ko‘rsatib, uning tarbiyasini izdan chiqarib yuborayotganini, afsuski, hayotda uchrayotgan ko‘plab noxush voqealar tasdiqlab bermoqda.

Konstitutsiyamizning 64-moddasida ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majbur ekani qayd etilgan.

Ammo ajrashib ketgan ayrim ota-onalar farzand tarbiyasida umuman ishtirok etmasligi, hatto farzandi moddiy ta'minotini ham ixtiyoriy amalga oshirmayotgani kabi holatlar nihoyatda achinarlidir.

Buni raqamlar misolida ko‘raylik: birgina o‘tgan yilning o‘zida 3 ming 99 nafar fuqarodan — sudning hal qiluv qarori asosida, 38 mingdan ziyod fuqarodan esa, sud buyrug‘i orqali farzandlari ta'minoti uchun aliment undirish belgilangan.

Vaholanki, muqaddas Ha­disda keltirilganidek, "Ki­shi o‘z ahliga mutasaddidir va qo‘l ostidagilarga mas'uldir. Ayol erining uyida mutasaddidir va u qo‘l ostidagilarga mas'uldir".

Shunday ekan, har qaysi ota-ona o‘z farzandlariga nisbatan mutasaddi va mas'ul ekanini unutmasligi shart. Zero, bu farzand kelajagi, uning komil inson bo‘lib voyaga yetishida eng muhim va zarur omildir. Shu bilan birga, bu qonun talabi, ma'naviy burch, muqaddas dinimiz arkonlariga ko‘ra ham farzu qarz, demakdir.

Shubhasizki, bunda ota-onalarning o‘zlari kundalik turmushda, o‘zaro muloqotu muomalalarida va jamiyat hayotiga munosabatlarida farzandlariga hamisha namuna bo‘lishlari lozim. Xususan, ularga yoshlikdan nima yaxshi-yu nima yomon, savob va gunoh nimada ekanligini, shuningdek, odob-axloqqa doir ijobiy fikrlarni o‘rgatib borishlari darkor.

Ikkinchidan, ota-onalarning farzand tarbiyasiga e'tiborsizligi, o‘z farzandining tarbiyasini birovlarga ishonishlari ham salbiy holatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Bugungi kunda ayrim ota-onalar katta orzu-havaslar bilan, ya'ni farzandini yaxshiroq moddiy ta'minlash, to‘yini boshqalarnikidan ko‘ra dabdabali o‘tkazish, sarpolarini bekamu-ko‘st qilish niyatida bolasini qari ota-onasiga, qa­rin­doshi yoki tanish-bilish, qo‘ni-qo‘shnisiga tashlab, o‘zlari boshqa yurtga ishlab, pul topib kelish uchun ketayotganligi ham bor gap. Lekin ular farzandga ayni tarbiya berish lozim bo‘lgan vaqtni behuda yo‘qotayotganini va keyinchalik buning o‘rnini na moddiy ne'mat, na ma'naviy-ma'rifiy saboq bilan qoplab bo‘lmasligini har doim ham anglab yetavermaydilar. Nihoyat tushunganlarida esa, taassufki, kech bo‘ladi.

Bola tarbiyasiga oid risolalardan, mutaxassislar fikri, xalqimiz tajribasidan ham yaxshi ma'lumki, xoh u o‘g‘il, xoh qiz bo‘lsin, ayni balog‘at yoshiga qadam qo‘yayotgan bir payt­da, ruhshunoslar tili bilan aytganda, "o‘tish davri"da bolaning har qanday xatti-harakati va holatlarini, yurish-turishini jiddiy nazorat qi­lish shart. Ayniqsa, bunday paytda farzand tarbiya­sini birovlarga ishonib bo‘lmaydi.

Qaysidir ota-ona yengil-yelpi havaslar ortidan quvib, xorijga mo‘may daromad izlab ketdi va hatto birmuncha pul topib keldi ham, deylik.

Bi­roq ularning chuqur o‘ylab qilgan ishlari avvalo o‘zlariga qimmatga tushayotganiga ko‘p bor guvoh bo‘lmoqdamiz. Negaki, o‘tgan fursat oralig‘ida qarov va e'tiborsiz qoldirilgan farzandi arjumandning ta'lim-tarbiyasi izdan chiqib ketgan bo‘ladi.

Bugungi kunda jinoyat sodir etib, jazo o‘tayotgan voya­ga yetmaganlarning aksariyati, aniqroq aytganda, 70 foizdan ko‘prog‘i ajrashgan yoki boshqa yurtga ishlash uchun oila bag‘ridan uzoq muddat chetga chiqib ketgan ota-ona farzandlari ekani ham ush­bu fikr-mulohazalarimizni tasdiqlab turibdi.

Uchinchidan, bu muammoning navbatdagi sabablari — oiladagi o‘zaro munosabatlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi, ota-onaning spirtli ichimlikka mukkasidan ketganligi, oilada er-xotin va farzandlar o‘rtasida o‘zaro izzat-hurmat yo‘qolganligi, qisqacha ayt­ganda, oila boshliqlarining o‘zlari birinchi galda tar­biya­ga muhtoj ekanida o‘z aksini topmoqda.

Misol uchun 2017 yilda 1 ming 198 nafar ota va ona otalik hamda onalik hu­quqidan mahrum etilgan. Qariyb 800 nafar fuqaro, ya'ni ota yoki onaning spirt­li ichimlik iste'mol qilganligi va bosh­qa sabablarga ko‘ra muomala layoqati cheklangan. Mana shunday tashvishli holatlar ham, aslida, voyaga yetmagan yoshlar kelajagiga raxna solayotganidan ko‘z yumib bo‘l­maydi.

Bu masalada yana bir xatarli holat kuzatiladiki, buni aslo inkor etib bo‘l­maydi. Aytmoqchimizki, bolalarning jinoyat yo‘liga kirib qolishi sabablari ha­qi­da so‘z borganda, voyaga yetmagan farzandlarimizning ongiga salbiy ta'sir etayotgan turli axborotlar xususida jiddiy o‘ylab ko‘­rish taqozo etiladi.

Internetda tarqatilayotgan zo‘ravonlik va fahsh manzaralari aks etgan ma'lumotlar yoshlar ongiga kuchli salbiy ta'sir o‘tkazishi o‘z-o‘zidan ravshan. Shunday ekan, bolalarni bunday tajovuzlardan juda ehtiyot qilishimiz zarur.

Tabiiyki, voyaga yetmagan yoshlarni jinoyatchilik ko‘chasiga yetaklayotgan barcha ho­lat-sabablarning bari ta'lim-tarbiya bilan bevosita va bilvosita bog‘liq. Maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtlari nafaqat ta'lim, balki tarbiya maskanlari ham hisoblanadi.

Chunki ushbu ma'rifat dargohlarining asosiy vazifasi yoshlarga ta'lim-bilim berishga qaratilgan. Ayni chog‘da, atigi bir yoki bir necha o‘qituvchi ko‘p sonli o‘quvchi-talabalar tarbiyasi bilan alohida-alohida tartibda shug‘ullanishining imkoni yo‘q.

Shuning uchun farzandlarimiz tarbiyasini birgina ta'lim muassasalariga yuklab qo‘yish to‘g‘ri bo‘lmaydi, deb o‘ylaymiz. Albatta, u holda nima qilish kerak, degan savol tug‘iladi. Fikrimizcha, yoshlar, xususan, voyaga yetmaganlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish masalasini jamoatchilik asosida doimiy nazorat qilib borish lozim.

Ya'ni ushbu masalada mahalla, xotin-qizlar qo‘mitalari, diniy idora vakillari, mehnat faxriylari, ijodkorlar, Yoshlar ittifoqi vakillari, ichki ishlar, prokuratura, adliya va sud tizimi xodimlari tomonidan barcha toifadagi yoshlar bilan, o‘z-o‘zidan — tegishli o‘rinlarda o‘g‘il bolalar bilan alohida, qiz bolalar bilan alohida holda — tizimli, demakki, o‘quv yili boshida tasdiqlanadigan aniq reja asosida tarbiyaviy ishlar olib borilishi yaxshi natija berishi tayin.

Qolaversa, aynan shu masalaga moslab, vasiylik va homiylik organlari xodimlarini yangi yo‘nalishda o‘qi­tish, malakasini oshirish, kasbga tayyorlash va ularning ish faoliyati samaradorligini talab darajasida yo‘lga qo‘yish katta ahamiyatga ega. Bunda birinchi galda ota-onalarning farzand tarbiyasidagi mas'uliyatini oshirish, notinch-nosog‘lom oila far­zand­lari bilan ishlash masalasini tizimli yo‘lga qo‘­yishga e'tibor qaratish talab etiladi.

Maktab o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqib, bolalarning huquqiy savodxonligini oshirishga e'tibor qaratish — yana bir muhim masala, degan fikrdamiz. Bunda ayni payt­dagi huquq asoslari fani darsliklarini sodda, bolalar uchun tushunarli tilda tayyorlash, o‘quv mashg‘ulotlarini yangicha, qiziqarli tarzda tashkil etish, yuqori sinf o‘quvchilarini ichki ishlar, prokuratura va sud faoliyati bilan yaqindan tanishtirib borish kabi dolzarb masalalar uzluksiz yo‘lga qo‘yilishi maqsadga muvofiqdir.

O‘ylaymizki, bu kabi amaliy va ta'sirchan chora-tadbirlar voyaga yetmagan bolalarimiz bilan ishlash samaradorligini yanada oshiradi. Bir so‘z bilan aytganda, farzandlarimizni komil inson qilib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xolmo‘min Yodgorov,

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy sud raisining o‘rinbosari,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi

Mavzuga oid