O‘zbekiston | 00:20 / 07.03.2018
10835
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent konferensiyasi giyohvandlikka qarshi kurashadimi?

Foto: Kommersant.Uz

Bundan ropa-rosa 110 yil avval xorijiy diplomatlar birinchi marta Shanhay shahrida xalqaro narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashga kelishib olish uchun bir davrada yig‘ilgandi. Buyuk Britaniya va Xitoy o‘rtasida yuz bergan “Afyun urushi”dan biroz o‘tib, 1909 yil 26 fevral kuni diplomatlar Xalqaro afyun kengashini tuzishga qaror qildi. Ko‘plab taqiq va tartiblar joriy qilinishi aytildi.

Oradan deyarli 90 yil o‘tib, 1998 yil BMT Bosh Assambleyasi barcha a'zo davlatlarga “giyohvandlik moddalaridan xoli dunyoni” yaratish majburiyatini yukladi. Jahon hamjamiyati o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga ko‘ra, 2008 yilga qadar barcha mamlakatlar afyun, kokain, marixuana kabi narkotiklarni ishlab chiqarilishini keskin kamaytirishga va'da berdi. Bu siyosatchilar “odat qilgan” ishlardan biri. Mazmunan kurashning asosiy mazmuni – targ‘ibot va giyoh domiga tushganlarni bu yo‘ldan qaytarish bo‘ldi.

Oradan yana 10 yil o‘tib, jahon hamjamiyati e'tiborini o‘ziga jalb etishi kutilayotgan Afg‘oniston masalasi bo‘yicha Toshkent Xalqaro konferensiyaga ham sanoqli kunlar qoldi. Jahonda eng yirik narkotik moddalarni yetishtirish plantatsiyalariga ega Afg‘oniston bu masalani bir o‘zi hal eta olmaydi. Umuman ushbu masalaga qanday yechimni taklif etish mumkin?

BMT Giyohvandlik va jinoyatga qarshi kurash boshqarmasi tarqatgan ma'lumotga ko‘ra, 246 million kishi noqonuniy psixotropik moddalar ta'siriga tushib qolgan. Bu esa Yer yuzidagi voyaga yetgan aholining 5 foizi degani. BMT allaqachon “narkotikdan ozod Yer” tushunchasini muomaladan chiqarib tashladi, aksincha, “giyohvandlar soni keskin kamayishi” haqida so‘z yuritilmoqda.

Marixuana iste'moli kuchaygan AQShda ham ahvol yaxshi emas: davlat narkotranzit yo‘laklarni yo‘qotish uchun har yili 40 million AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ sarflaydi. Psixotropik moddalarni noqonuniy iste'mol qilgani uchun har yili 1,5 million amerikalik qamoqqa tushadi. Meksikada esa 2016 yildan buyon 1200 nafardan ortiq politsiya zobitlari narkotika aralashgan qurolli to‘qnashuvda halok bo‘ldi.

BMT taxminiy hisobiga ko‘ra, narkotika olamida yiliga 325 milliard AQSh dollaridan ko‘p mablag‘ noqonuniy aylanadi. Uyushgan jinoyatchilik alomatiga erishgan Lotin Amerikasi davlatlarida giyohvandlikka qarshi kurashda narkotikaga mukkasidan ketgan kishilarni maxsus shifoxonaning alohida xonasiga qamab qo‘yish amaliyoti uchraydi. Shuningdek, kam quvvatdagi giyohvandlik moddalari tarqatilib, “bemorlar” yaxshi hayotga qaytariladi. Bu o‘zining ijobiy samarasini beradi, ammo amaliyotni qo‘llab turish ancha qimmatga tushadi, bundan tashqari bu tajriba “narkobiznes” faoliyatiga nuqta qo‘ymaydi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Afg‘oniston hududida aholi bandligini ta'minlash, shahar va tumanlarda infratuzilmani rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘lib xizmat qiladi. Shunday ekan, Afg‘onistonga tutash viloyatlarning har biri chegara ortidagi ma'muriy birlik bilan birodarlik to‘g‘risidagi hujjatni imzolashi, kelgusi loyihlarni amalga oshirishda bamaslahat ish tutishi kerak. Birlamchi tovarlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar qurilishi, ta'lim va tibbiyot rivojlanishi uchun davlatga imtiyozli kreditlarning taqdim etilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

Balki, narkobiznes “gullab yashnagan” ayrim davlatlarda giyohvandlik moddalarini sotish qonuniylashtirish bu yo‘nalishda tartib o‘rnatishga yordam berar, ammo Afg‘oniston bo‘yicha qo‘shni davlatlar iqtisodiy ko‘magi juda muhim. Tarixiy “Toshkent deklaratsiyasi” hujjatida aynan Afg‘oniston diyorida paydo bo‘lgan noqonuniy plantatsiyalar yoddan chiqmasligi kerak.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid