Jamiyat | 22:35 / 09.03.2018
39925
2 daqiqa o‘qiladi

Namangandagi Yoshlar ittifoqi yetakchisining xatti-harakatlari xato ekani tan olindi

Foto: Videodan kadr

Namanganda Yoshlar ittifoqi yetakchisi qizlarning ro‘molini yechtirganiga oid xabar ijtimoiy tarmoqlarda katta munozaralarga sabab bo‘ldi. Yoshlar Press-klubida ittifoq vakiliga shu gaplarda nechog‘lik haqiqat borligi, Yoshlar ittifoqi bu masalaga qanday qarashiga doir savol bilan murojaat qilindi. Tashkilotning Facebook sahifasida mavzuga doir video taqdim etildi.

Yoshlar ittifoqi vakilining ma'lum qilishicha, diniy ibodat kiyimlarida jamoatchilik joylarida yurish mumkin emas, deb qonunlarda berilgan bo‘lsa-da, ular haqida tushunchalar berilmagan. "Shu normalardan kelib chiqib, har qanday muassasa o‘z qoidalarini ishlab chiqadi. Jumladan, ta'lim muassasasi ham o‘zining kiyinish odobi, yurish-turish odobi kabilarni qabul qiladi. 

Siz aytayotgan Namanganda ham ana shunday tartib-qoidalar bo‘lsa kerak, lekin ular uchun ham qaysi kiyim - diniy libos, qaysi kiyim - ibodat libosi mavhum bo‘lib qolgan bo‘lsa kerak. 

Yoshlar ittifoqining har qanday ta'lim muassasasida o‘zining boshlang‘ich tashkiloti bor, bugunga kelib ularning soni 21 mingtani tashkil etadi. Namangan viloyatidagi holatga keladigan bo‘lsak, biz uni chuqur o‘rgandik: yetakchimiz xato qilgan - u o‘zining Yoshlar ittifoqida belgilab berilgan vazifalaridan chetga chiqqani oydinlashdi va unga nisbatan tegishli chora ko‘rildi. 21 mingta tashkilot vakillariga ham bunday vakolat berilmagan, ularning vazifalari boshqacha - ular yoshlarning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashishi kerak", - dedi tashkilot vakili. 

Yoshlar Press-klubida "O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi vakillarining vazifasi ro‘mol yechishimi?", degan savolga "Aslo, yo‘q" javobi berildi. 

Mavzuga oid