Jahon | 18:30 / 11.03.2018
8604
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning birinchi raketkasi Bill Geyts bilan kortga tushadi

Foto: Suzi Pratt / Getty Images

36 yoshli Rojyer Federer Rotterdamda erkaklar tennisida birinchilikni qo‘lga kiritganidan atigi bir necha hafta o‘tib, shveysariyalik sportchi San-Xosedagi "Afrika uchun o‘yin 5" doirasida SAP markazi kortiga tushadi. O‘yindan tushgan daromadlar Afrikadagi bolalarning ta'lim olishi uchun yo‘naltiriladigan Rojyer Federar fondiga o‘tkaziladi.

Yanvar oyida Avstraliya Ochiq chempionatida yigirmanchi marta dunyoning eng yaxshi raketkasi nomini olgan Federer dunyoning eng badavlat kishilaridan biri Bill Geyts bilan kortga tushadi. Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 91 milliard dollarga baholanadi. Shu bilan birga,  amerikalik tennischi Jyek Sok va NBC'dagi News' TODAY boshlovchisi Savanna Gatrilar ham Rojyerga qarshi kortga  tushishadi.

O‘tgan yilning aprelida Rojyer Federer hamda dunyodagi eng yirik xususiy xayriya fondi hisoblangan Bill va Milinda Geytslar fondi hamraisi Geyts "Afrika uchun o‘yin 4" musobaqalari uchun Sietlda to‘planishgandi. O‘yin davomida Federar fondi uchun 2 million dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘lingan.

"Bill dunyoning eng yirik xayriyaparvarlari sirasiga kiradi va u bilan doimiy muloqot qilish Rojyer uchun katta sharaf", - deydi Rojyer Federer fondi bosh direktori Janin Xendel.

"Uning maqsadga erishish yo‘lidagi qat'iyligi va izchilligi kishiga ilhom bag‘ishlaydi. Bill va Melinda Geyts fondi esa ma'lumot to‘plashda yetakchi rol o‘ynaydi. Bu biz ishlashda davom etadigan va hali ko‘p narsa o‘rganadigan  yo‘nalish".

Federer Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, yillik daromadi 64 million dollar bo‘lgan eng badavlat tennischi bo‘lsa-da, u ko‘p yillik karerasi davomida birinchi marta San-Frantsisko ko‘rfazi qirg‘og‘ida o‘yinga tushadi. 

"Sietldagi "Afrika uchun o‘yin" muvaffaqiyatidan keyin hamma AQShda yana bir o‘yin o‘tkazishni istadi, - dedi Xendel. - Bizningcha, Rojyer hali o‘ynashga ulgurmagan joylarda musobaqalarni uyushtirish muhim ahamiyatga ega". 

Federer fondi 15 yil avval tashkil qilinganida 2018 yilning oxiriga borib million nafar bolaga yordam berishni o‘z oldiga katta maqsad qilib qo‘ygandi. 

Xendel fond bu yo‘nalishda "yakuniy bosqichda ekani, 2018 yil oxiriga borib qo‘yilgan vazifalarni bajarishi hamda Afrika va Shveytsariyadagi milliondan ziyod bolaga sifatli ta'lim taqdim etishi"ni ta'kidladi. 

"Biz shu maqsadga erishishimiz kerak, biz bu bolalar oldida ma'naviy burchimizni his qilamiz. Ular bu hayotda eng yaxshi ta'lim va imkoniyatlarga munosiblar". Xendel fond 2019-2025 yillar uchun yangi maqsadlar belgilashini ta'kidladi.

"Aytish mumkinki, Fond kichik yoshli bolalarga yanada ko‘proq e'tibor qaratadi va ularga rasmiy ta'lim olishda yordam beradi, - qo‘shimcha qildi u. - Biz Afrika qit'asining janubiy qismida o‘z faoliyatimizni olib borishda davom etamiz". 

Rojyer Federer fondi 2003 yilda asos solinganidan keyin Afrikaning olti mamlakati va Federerning vatani bo‘lgan Shveytsariyada bolalar ta'limi rivoji uchun 36 million dollar kiritgan. 

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid